Logo

Aleksandr Fedulov: Samarqand deklaratsiyasi mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim huquqiy asos bo‘ladi

Aprel 22, 2026. 20:24 • 2 daq

112
Aleksandr Fedulov: Samarqand deklaratsiyasi mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim huquqiy asos bo‘ladi

SAMARQAND, 22 aprel. /“Dunyo” AA/. BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili o‘rinbosari Aleksandr Fedulov “Dunyo” AAga Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum yuzasidan fikr bildirdi:

– Samarqand shahrida tashkil etilgan mazkur forum giyohvand moddalar aylanishini nazorat qilish, uning jamoat xavfsizligi va aholi salomatligiga taʼsirining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Tan olish kerak, xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘rilayotgan choralarga qaramay, giyohvandlik muammosi dunyo miqyosida o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda. Bu holat ko‘plab mamlakatlarni, jumladan, bizning mintaqamizni ham hamkorlikni kengaytirish va saʼy-harakatlarni birlashtirish haqida o‘ylashga majbur qilmoqda.

Forum davomida Samarqandga tashrif buyurgan yuqori martabali ekspertlar giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, narkomanlikning oldini olish, davolash va fuqarolik jamiyati bilan ishlash sohasida o‘z taklif va tashabusslarini bildirdi.

Asosiy eʼtibor yoshlar o‘rtasida narkotik moddalar aylanishining oldini olish, narkoqaramlikni davolash hamda giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish masalalariga qaratildi.

Biz O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Giyohvand moddalar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligidagi hamkasblarimiz bilan birgalikda maxsus deklaratsiya tayyorladik. Bu deklarativ hujjat bo‘lib, unda hamkorlik tamoyillari va mantiqiy asoslari aks etgan.

Fikrimcha, “Samarqand forumi deklaratsiyasi” mintaqa davlatlari o‘rtasida keng qamrovli hamkorlikni yana-da mustahkamlash uchun asos yaratdi. Bunda yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlari, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik, huquqni muhofaza qiluvchi va bojxona organlarining o‘zaro aloqalari kabi yo‘nalishlar tizimli qamrab olinadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish