“Al Jarida” gazetasi: O‘zbekiston – tarix, madaniyat va zamonaviylik uyg‘unlashgan yurt

Avgust 12, 2026. 16:30 • 2 daq

39
“Al Jarida” gazetasi: O‘zbekiston – tarix, madaniyat va zamonaviylik uyg‘unlashgan yurt
“Al Jarida” gazetasi: O‘zbekiston – tarix, madaniyat va zamonaviylik uyg‘unlashgan yurt

AL-KUVAYT, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning “Al Jarida” gazetasida jurnalist Rabih Kallasning O‘zbekistonga sayohati davomida olgan taassurotlari asosida tayyorlangan maqolalari eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Toshkent – Markaziy Osiyoning durdonasi va kuvaytliklar uchun munosib sayyohlik manzili” hamda “Samarqand – asrlar osha dunyoni hayratga solayotgan shahar” sarlavhali materiallarda o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, shahardagi xavfsizlik va tozalik, zamonaviy infratuzilma hamda Ipak yo‘lining boy merosi haqida maʼlumotlar keltirilgan.

Muallifning taʼkidlashicha, O‘zbekiston poytaxti xavfsizlik, mehmondo‘stlik va islomiy merosni uyg‘unlashtirgan shahar hisoblanadi. Toshkentning keng va toza ko‘chalari, tinch-totuv muhiti sayyohlarda katta taassurot qoldiradi. Toshkent metrosining betakror meʼmorchiligi, yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqa madaniy yuksalishida muhim o‘ringa ega.

Maqolalarda 2700 yildan ortiq tarixga ega Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi strategik ahamiyati haqida so‘z yuritilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida gullab-yashnagan ushbu shaharning Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi meʼmoriy durdonalari Sharq sivilizatsiyasining yuksak namunasi sifatida tavsiflanadi.

Jurnalist O‘zbekistonga sayohat Fors ko‘rfazi davlatlaridan, xususan, Kuvaytdan keluvchi oilaviy turistlar uchun eng qulay va jozibador yo‘nalish ekanini taʼkidlagan. Mamlakatdagi betakror milliy oshxonalar,halol taomlar, zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnovi sayohatni yana-da mazmunli qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish