BMT jahon hamjamiyatini G‘arbiy sohildagi og‘ir vaziyatdan ogohlantirdi
Avgust 12, 2026. 17:00 • 3 daq
• 90
NYU-YORK, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Ishg‘ol qilingan G‘arbiy sohildagi vaziyat zo‘ravonlikning ortishi, Isroil aholi punktlarining kengayishi hamda Falastin maʼmuriyatining moliyaviy inqirozi tufayli tobora murakkablashib bormoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BMT Yangiliklari”ga tayanib.
Bu haqda Xavfsizlik Kengashi majlisida BMTning Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus koordinatori o‘rinbosari Ramiz Alakbarov maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday murakkab jarayonlar Falastin maʼmuriyatini kuchsizlantirmoqda va mustaqil, suveren Falastin davlatini barpo etish istiqbollariga putur yetkazmoqda.
2026-yil boshidan buyon Isroil harbiylari harakatlari oqibatida G‘arbiy sohilda 76 nafar falastinlik, jumladan, 18 nafar bola halok bo‘ldi. To‘qnashuvlarda uch nafar isroillik ham o‘ldirilgan.
2023-yil yanvaridan beri to‘liq yoki qisman ko‘chirilish 127 ta falastinlik jamoasiga taʼsir ko‘rsatdi, ulardan 47 tasi butunlay siqib chiqarildi. 2026-yilda harbiylar zo‘ravonligi, buzishlar va haydab chiqarishlar sababli qariyb 3,8 ming falastinlik ko‘chirildi, ularning qariyb yarmi bolalar.
2026-yil davomida sodir etilgan zo‘ravonliklar bilan bog‘liq 1,4 mingdan ortiq hodisa qayd etilgan bo‘lib, ular 260 ga yaqin falastinlik jamoasiga taʼsir ko‘rsatdi. Ramiz Alakbarovning fikricha, ko‘plab hujumlar Isroil kuchlari ishtirokida sodir bo‘lgan.
Yil boshidan beri qariyb 12 ming 360 ta uy-joy qurish rejasi ilgari surildi. Jumladan, Sharqiy Quddusda 5 ming 160 ta uy-joy barpo etish taklif etildi. Iyul oyida Isroil hukumati 34 ta yangi aholi punktini yaratish uchun 431 million dollar ajratilishini eʼlon qildi.
BMT vakili ushbu harakatlar G‘arbiy sohilning amalda anneksiya qilinishiga xizmat qilayotganini taʼkidlab, xalqaro hamjamiyatni “ikki davlat” yechimi istiqbollarini saqlab qolish uchun paysalga solmay harakat qilishga chaqirdi.
Falastin maʼmuriyati katta moliyaviy inqirozga duch kelmoqda. Ramiz Alakbarov qayd etishicha, Isroil qariyb 6 milliard dollar miqdoridagi tushumlarni ushlab turibdi. Bu ish haqi to‘lash va asosiy xizmatlarni ko‘rsatishni qiyinlashtirmoqda. 1-sentyabrdan eʼtiboran Isroil banklari tomonidan shekeldagi tranzaksiyalarni qayta ishlashning mumkin bo‘lgan to‘xtatilishi qo‘shimcha tahdid solmoqda.
Shu bilan birga, Isroilning BMTdagi doimiy vakili Danni Danon falastinliklarning terrorchilik hujumlari ortib borayotgani hisobga olinmayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, may oyida shunday 348 ta hujum qayd etilgan, yana 408 tasining oldi olingan.
“Bu bugun biz duch kelayotgan xolis yondashuvning yo‘qligidir”, — dedi Danon Xavfsizlik Kengashini zo‘ravonlikning bir tomoniga eʼtibor qaratib, ikkinchi tomonini eʼtiborsiz qoldirayotganlikda ayblab.
Shuningdek, u Isroilning yahudiy ekstremizmiga qarshi choralari kuchaytirilganini taʼkidladi. 2026-yilning birinchi choragida hukumat 354 ta surishtiruv ochdi va 35 nafar ekstremistni hibsga oldi, iyul oyida esa mart oyidagi 165 taga qarshi shu kabi 116 ta hodisa qayd etildi.
Danni Danon G‘arbiy sohilga Erondan noqonuniy qurol-yarog‘ va moliyaviy resurslar yetkazib berish, jangarilarni tayyorlash hajmi ortib borayotgani, HAMASning yangi terrorchilik infratuzilmasini yaratishga bo‘lgan urinishlarini qayd etdi.
UNISEF ijrochi direktori o‘rinbosari Hannan Suleymanning maʼlum qilishicha, 2024-yil yanvaridan 2026-yil iyuligacha BMT G‘arbiy sohilda, Sharqiy Quddusda 174 nafar falastinlik bolaning halok bo‘lganini tasdiqladi. 1 ming 500 dan ortiq bola jarohat olgan.
Shu davr mobaynida uch nafar isroillik bola o‘ldirilgan, yana 15 nafari jarohatlangan. G‘arbiy sohildan bo‘lgan 355 nafar falastinlik bola Isroil harbiy qamog‘ida qolmoqda, bu so‘nggi sakkiz yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Hannan Suleyman bolalarni himoya qilishga, falastinlik oilalarni majburiy ko‘chirishni to‘xtatishga, taʼlim va tibbiy yordamdan foydalanishni taʼminlashga hamda gumanitar operatsiyalarni himoya qilishga chaqirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi