“Vecherniy Bishkek”: Sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, shuningdek, transport-logistika loyihalari O‘zbekistonning SHHT mamlakatlari bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda
Avgust 29, 2026. 17:00 • 3 daq
• 58
BISHKEK, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning nufuzli “Vecherniy Bishkek” nashrida O‘zbekiston va Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) bugun nafaqat xavfsizlik va siyosiy muloqot, balki savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va texnologik hamkorlikning muhim maydoniga aylanib bormoqda.
Tashkilotga aʼzo 10 davlat Yevroosiyo hududining 65 foizdan ortig‘ini qamrab olib, dunyo aholisining 42 foizidan ko‘prog‘ini birlashtiradi. Ularning yalpi nominal YAIM 26 trillion dollardan oshib, jahon iqtisodiyotining qariyb chorak qismini tashkil etadi.
SHHT davlatlari iqtisodiyoti 2025 yil yakuniga ko‘ra qariyb 5 foizga o‘sdi. Bu jahon iqtisodiyotining o‘rtacha 3,4 foizlik o‘sish ko‘rsatkichidan yuqori. Mamlakatlarning resurslar, ishlab chiqarish, texnologiya va isteʼmol bozorlari jihatidan o‘zaro farq qilishi esa ixtisoslashuv, kooperatsiya va investitsiyaviy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda SHHT doirasida o‘zaro savdo ham sezilarli kengaydi. 2015–2024 yillarda tashkilot davlatlarining ichki savdo hajmi 271 milliard dollardan 674 milliard dollargacha, yaʼni qariyb 2,5 barobar oshdi. Bu jarayon transport yo‘laklarining rivojlanishi, raqamlashtirish va milliy valyutalardagi hisob-kitoblarning kengayishi bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari ham jadal rivojlanmoqda. 2017–2025 yillarda mamlakatning SHHT davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 12,9 milliard dollardan 40,6 milliard dollargacha, yaʼni 3,1 barobar oshdi. 2025 yilda ushbu davlatlar hissasi O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining qariyb yarmini tashkil etdi.
Savdoda asosiy sheriklar Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston bo‘lib, ularning ulushiga O‘zbekistonning SHHT mamlakatlari bilan umumiy savdosining qariyb 87 foizi to‘g‘ri keldi. O‘zbekistondan meva-sabzavot, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika va avtomobilsozlik mahsulotlari eksport qilinmoqda. Importda esa mashina va uskunalar, sanoat mahsulotlari, xomashyo hamda oziq-ovqat mahsulotlari salmoqli o‘rin egallamoqda.
2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga asosiy kapitalga yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 33,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu mablag‘larning katta qismi qayta ishlash sanoati, energetika va tog‘-kon sohalariga yo‘naltirildi. Mazkur tarmoqlar SHHT davlatlari bilan investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyatga ega.
O‘zbekiston uchun SHHT doirasidagi transport hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi. So‘nggi besh yilda tashkilot davlatlari bilan xalqaro yuk tashish hajmi 40 foizga oshib, 2025 yilda 33,5 million tonnaga yetdi. Bu O‘zbekiston xalqaro yuk tashishlarining qariyb 80 foizini tashkil etadi.
Shu nuqtai nazardan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li strategik ahamiyatga ega. Yangi yo‘nalish Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropaga chiqish masofasini taxminan 900 kilometrga, yetkazib berish muddatini esa 7–8 kunga qisqartirishi mumkin. Yillik tashuv hajmi 12–15 million tonnaga baholanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi