Moskvada Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi
Avgust 29, 2026. 18:30 • 2 daq
• 70
MOSKVA, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. 28-avgust kuni Moskva shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Kikot, bosh prokuror o‘rinbosari Petr Gorodov hamda Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, Migratsiya agentligi direktori Bexzod Musayev, Rossiyadagi elchi Botirjon Asadov, bosh konsul Mexriddin Xayriddinov hamda maslahatchi Baxodir Nazarov o‘rin oldi.
Uchrashuv davomida Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari, jumladan, fuqarolarning ushlangan holatlari to‘g‘risida O‘zbekiston tomonini o‘z vaqtida xabardor qilish, migratsiya tadbirlarini o‘tkazish chog‘ida ularning huquqlariga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha tezkor hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Nazorat qilinuvchi shaxslar reyestri bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi fuqarolarning huquqiy maqomini tartibga solish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada tashkiliy ravishda ishga joylashtirish, ularni kasbiy va ketishdan oldingi tayyorgarlikdan o‘tkazish, shuningdek, migratsiya tartib-taomillarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, shuningdek, migratsiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi