Go‘zal Maytdinova: Tojikiston–O‘zbekiston munosabatlari o‘zaro ishonch, milliy qadriyatlar va umumiy manfaatlarga asoslanadi
Avgust 29, 2026. 19:30 • 6 daq
• 34
DUSHANBE, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiya–Tojikiston (slavyan) universitetining Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Go‘zal Maytdinova O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nafaqat o‘zbek xalqi tarixi, balki Markaziy Osiyo tarixida ham muhim sana hisoblanadi. Tojikiston uchun ushbu yubiley alohida ahamiyatga ega. Zero, O‘zbekiston va Tojikistonni umumiy mintaqaviy geografiya, ko‘p asrlik tarixiy, madaniy va sivilizatsion yaqinlik bog‘lab turadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu o‘rinda, Tojikiston–O‘zbekiston munosabatlariga alohida eʼtibor qaratish zarur. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni tiklashdan strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga qadar yuksaldi.
Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 22 oktyabr kuni o‘rnatilgan. Ikki davlat mustaqil taraqqiyotining dastlabki o‘n yilliklari oson kechmadi. Iqtisodiy, siyosiy va infratuzilmaviy tafovutlar hal etilmagan chegara masalalari, aholi harakatining cheklangani va o‘zaro ishonchning yetarli darajada bo‘lmagani bilan uyg‘unlashdi. Biroq xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, qarindoshlik, madaniy va gumanitar aloqalar keyinchalik munosabatlarning yangi modelini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda sifat jihatidan tub burilish yuz berdi. Oliy darajadagi siyosiy muloqot muntazam va ishonchli tus oldi. Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlari anʼanaviy diplomatik doiradan chiqib, yangi mazmun bilan boyidi.
O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil aprel oyida Tojikistonga davlat tashrifi, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi, hukumatlar, parlamentlar, hududlar, ishbilarmon va ilmiy doiralar o‘rtasidagi aloqalarning faollashuvi ikki tomonlama hamkorlikning yangi siyosiy-institutsional asosini yaratdi.
Bu jarayonda Tojikiston Prezidentining 2026 yil 26–27 mart kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini institutsionallashtirish, doimiy strategik muvofiqlashuv mexanizmini yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Aynan institutsionallashuv Tojikiston–O‘zbekiston munosabatlarining bugungi bosqichini avvalgi davrdan ajratib turadi. Avvalgi kelishuvlar ko‘p jihatdan muayyan davrdagi siyosiy iroda va kun tartibiga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, bugun turli sharoitlar o‘zgarishiga qaramay, hamkorlikning izchilligini taʼminlay oladigan barqaror mexanizmlar tizimi shakllanmoqda.
Oliy davlatlararo kengash, Hukumatlararo komissiya, parlamentlararo aloqalar, tashqi siyosat idoralarining muntazam maslahatlashuvlari, mintaqalararo hamkorlik va sohaviy mexanizmlar ittifoqchilikning ko‘p bosqichli arxitekturasini yaratmoqda.
Siyosiy ishonch bosqichma-bosqich iqtisodiy aloqalarga, o‘zaro bog‘liqlik esa barqarorlikdan umumiy manfaatdorlikka aylanmoqda. Gumanitar yaqinlik esa uzoq muddatli ittifoqchilikning ijtimoiy asosini mustahkamlamoqda.
Iqtisodiy dinamika ham bu o‘zgarishlarni yaqqol ko‘rsatmoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 912,3 million dollarga yetib, bir yilda 30 foizga oshdi. Bunda iqtisodiy munosabatlarning tarkibi ham o‘zgarib, savdo bilan bir qatorda investitsiyaviy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlari kengaymoqda.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ayniqsa istiqbollidir. Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarda sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish va boshqa sohalarda qator loyihalar belgilangan. Bir necha yilga mo‘ljallangan dastur va rejalarning qabul qilinishi alohida loyihalardan dasturiy-maqsadli hamkorlik modeliga o‘tilayotganidan dalolat beradi.
Kelajakda bunday kooperatsiya, ayniqsa, chegaraoldi hududlari va Farg‘ona vodiysida transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishi mumkin.
Transport bog‘liqligini mustahkamlash ham muhim yo‘nalishlardan biridir. Dushanbe–Toshkent temiryo‘l qatnovining qayta tiklanishi, avtomobil va aviatsiya yo‘nalishlarining rivojlanishi, yuk tashish hajmining ortishi hamda chegara punktlarining modernizatsiya qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy masofani qisqartirmoqda.
“Oybek–Fotexobod” savdo-logistika markazining tashkil etilishi va “E-Permit” raqamli tizimining joriy qilinishi ham muhim ahamiyatga ega. Bunday loyihalar nafaqat savdoni tezlashtiradi, balki maʼmuriy to‘siqlarni kamaytirish, jarayonlarni raqamlashtirish va tovarlar hamda odamlar harakatini yengillashtirishga asoslangan yangi transchegaraviy hamkorlik madaniyatini shakllantiradi.
Tojikiston–O‘zbekiston ittifoqchiligining eng strategik yo‘nalishlaridan biri suv-energetika sohasidagi hamkorlikdir. Ikki davlatning ushbu masalada raqobatdan ko‘ra hamkorlikka asoslangan yondashuvga o‘tishi prinsipial ahamiyat kasb etadi.
Gidroenergetikani birgalikda rivojlantirish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” energetikani rivojlantirish suv-energetika masalalarini ehtimoliy raqobat maydonidan o‘zaro manfaat makoniga aylantirish imkonini beradi.
Tojikiston–O‘zbekiston ittifoqchiligining eng mustahkam poydevori gumanitar yo‘nalishdir. Ikki xalq asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelgan. Ularning tarixiy xotirasida buyuk mutafakkirlar, olimlar, shoirlar va madaniyat arboblarining umumiy merosi mavjud. Til, oilaviy, etnomadaniy va diniy aloqalar zamonaviy davlat chegaralaridan ancha oldin shakllangan. Shu sababli, gumanitar hamkorlikni rivojlantirish ikki davlat uchun strategik ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda madaniy va taʼlim almashinuvlari kengayib, madaniyat va kino kunlari o‘tkazilmoqda, universitetlar va ilmiy markazlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanmoqda, yoshlar o‘rtasidagi muloqotlar faollashmoqda. O‘zbekistonda taʼlim va madaniy faoliyatning tojik tilida olib borilishi uchun ham keng imkoniyatlar saqlanib qolmoqda. Bu mamlakatdagi tarixiy-madaniy xilma-xillikni asrashning muhim omilidir.
Gumanitar hamkorlikning yangi bosqichini umumiy madaniy merosga birgalikda murojaat qilish orqali ham ko‘rish mumkin. Tojikiston va O‘zbekistonda suratga olingan “Sitorai axtaron: Jomiy va Navoiy” filmining yaratilishi tarixiy xotira zamonaviy muloqot vositasiga aylana olishining yorqin namunasidir.
Tojikiston va O‘zbekistonning yangi avlodi uchun davlat chegaralari avvalgidek ajratuvchi omil emas. Yoshlar qo‘shni mamlakatlarda taʼlim olmoqda, ilmiy va madaniy forumlarda ishtirok etmoqda, tadbirkorlik aloqalarini rivojlantirmoqda, sayohat qilmoqda va yagona axborot makonidan foydalanmoqda. Aynan ular xalqlar o‘rtasidagi tarixiy yaqinlikni zamonaviy ijtimoiy voqelikka aylantirmoqda.
Natijada taʼlim, madaniyat, turizm, ilm-fan, biznes, mintaqalararo aloqalar va insonlar harakati orqali jamiyatlarni bosqichma-bosqich yaqinlashtirish jarayoni shakllanmoqda. Bunday integratsiya siyosiy kelishuvlarga nisbatan kamroq rasmiylashgan bo‘lsa-da, real ijtimoiy aloqalarga tayangani uchun ko‘pincha barqarorroq bo‘ladi.
Tojikiston va O‘zbekiston xalqaro maydonlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ikki davlat BMT, SHHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida tinchlik, barqaror rivojlanish, ekologiya, madaniyat va mintaqaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.
Ikki davlatning mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalarini muvofiqlashtirishi nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, balki Markaziy Osiyoning umumiy muzokara salohiyatini ham oshiradi.
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivoji Markaziy Osiyo tarixiy yaqinlikni zamonaviy siyosiy ishonchga, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni barqarorlikka, umumiy muammolarni esa hamkorlik loyihalariga aylantira olishini ko‘rsatmoqda. Shu maʼnoda, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nafaqat bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlash, balki kelajak haqida o‘ylash uchun ham muhim fursatdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, o‘zbek hamkasblarim, do‘stlarim va qardosh O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
O‘zbekistonga tinchlik va barqarorlik, har bir oilaga baxt-saodat va farovonlik tilayman.
O‘zaro hurmat, ishonch va ittifoqchilikka asoslangan Tojikiston–O‘zbekiston munosabatlari yana-da rivojlansin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi