“Nezavisimaya gazeta”: Bishkek va Toshkent mushtarak kelajakni barpo etmoqda
Iyul 27, 2026. 19:00 • 2 daq
• 157
MOSKVA, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning nufuzli “Nezavisimaya gazeta” kundalik nashrida “Bishkek va Toshkent mushtarak kelajakni barpo etmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy munosabatlarda salmoqli natijalarga erishilgani qayd etilgan.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan, boshlang‘ich kapitali 50 million AQSH dollarini tashkil etuvchi O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan to‘qimachilik, energetika va logistika kabi muhim sohalarda 37 ta loyiha ma’qullandi. Bu jamg‘arma tomonidan moliyalashtirishni jadallashtirish va investitsiya portfelini kengaytirishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar natijasida mumkin bo‘ldi.
Maqolada strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ikki yirik loyiha — “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li hamda “Qambarota GES-1” qurilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu tashabbuslar nafaqat transport va energetika aloqalarini yaxshilaydi, balki mintaqaning yangi iqtisodiy geografiyasi ramziga aylanadi. Muallifning ta’kidlashicha, ushbu loyihalarning muvaffaqiyati ikki mamlakatning birgalikdagi sa’y-harakatlari va manfaatlar muvozanatiga bog‘liqdir.
Maqola muallifi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning so‘zlariga tayanib, ikki mamlakat munosabatlari mustaqillik tarixidagi eng gullab-yashnagan davrni boshdan kechirayotganini qayd etadi. Uning ta’kidlashicha, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama kun tartibidagi prinsipial masalalar o‘z yechimini topdi. “Aslida, so‘nggi o‘n yilliklar davomida ilk bor O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z kuch-g‘ayratini o‘tmish merosini yengib o‘tishga emas, balki mushtarak kelajakni birgalikda barpo etishga qaratish imkoniyatiga ega bo‘ldilar”, — deydi Eldor Aripov.
Xulosa qilar ekan, muallif yaqin-yaqingacha ikki tomonlama munosabatlarda yopiq o‘tkazish punktlari va bahsli chegara hududlari asosiy o‘rin tutganini eslatadi. Bugungi kunda esa e’tibor markazida sanoat korxonalari, transport koridorlari, energetika va kapital harakati turmoqda. Munosabatlarning bugungi muvaffaqiyati tomonlarning muammolarni hal qilish salohiyatiga emas, balki ochilayotgan imkoniyatlardan birgalikda samarali foydalana olish mahoratiga bog‘liqdir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bo‘lajak tashrifi esa ushbu imkoniyatlarning qaysi biri birinchi bo‘lib real shartnomalar va ishlab turgan korxonalarga aylanishini ko‘rsatib beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi