Berlinda “Asrlarni bog‘lagan meros: o‘zbek miniatyura sanʼati” ko‘rgazmasi tashkil etildi
Fevral 22, 2026. 13:30 • 3 daq
• 88BERLIN, 22-fevral. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida mamlakatimiz elchixonasi va “San‘at – Forum” (San‘at – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V.) madaniy jamiyati bilan hamkorlikda “Asrlarni bog‘lagan meros: o‘zbek miniatyura sanʼati” nomli ko‘rgazma tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan Temuriylar davri anʼanalari va nozik ijro texnikasini saqlab qolgan holda yaratilgan zamonaviy o‘zbek miniatyurasi namunalari o‘rin olgan. Bu asarlar mumtoz merosning bugungi kundagi izchil davomiyligini va badiiy tafakkurning yangi qirralarini aks ettiradi.
Uning konseptual asosini Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning boy adabiy merosi tashkil etadi. Ularning XV asrdan buyon Markaziy Osiyo miniatyura maktabi uchun asosiy ilhom manbai bo‘lib kelayotgan barhayot asarlari nafaqat mintaqa adabiyotini shakllantirgan, balki axloqiy g‘oyalar, ruhiyat va tabiat uyg‘unlashgan o‘ziga xos vizual obrazlar tizimiga zamin yaratgan.
Ushbu ko‘rgazmaning markaziy qismi Navoiy ijodining cho‘qqisi bo‘lmish “Xamsa” dostonlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda musavvirlar tarixiy hattotlik va kitob bezak sanʼati anʼanalariga tayangan holda, asarning falsafiy mohiyatini zamonaviy tasviriy til orqali qayta talqin qilmoqda. Shuningdek, ko‘rgazmada xalqimizning milliy madaniylikni ifodalovchi anʼanaviy choyxonalar, bozorlar va uloq o‘yinlari aks etgan maishiy janrdagi asarlar ham namoyish etilmoqda.
Tadbir doirasida “San‘at – Forum” madaniy jamiyat rahbari Zuhra Rahmatova tomonidan mehmonlarga miniatyura texnikasi, syujet manbalari va uning bugungi kunda davomiyligi haqida maʼlumot berildi. Ko‘rgazma yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otib, namoyish etilgan asarlar mamlakatimiz o‘rta asrlar davri maʼnaviy muhiti, saroy madaniyati hamda kitobxonlik anʼanalarini yorqin aks ettirgani bilan ishtirokchilarda tarixiy meros va klassik sanʼatga qiziqishni oshirdi.
Ishtirokchilar taʼkidlaganidek, o‘zbek miniatyurasi XIV–XVI asrlarda, xususan, Temuriylar Renessansi davrida yuksaklikka ko‘tarilgan. U G‘arb tasviriy sanʼatiga xos istiqbol (perspektiva) va hajmdorlik (soya-yorug‘) tamoyillaridan farq qilib, ramziy makon va shartli vaqt tushunchalariga asoslanadi.
Rang va naqshlar shunchaki dekorativ element emas, balki ichki maʼnaviy mazmun va estetik tartibni ifodalovchi vositalardir.
Mazkur ko‘rgazmada Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi ustozlari -Avazbek Qodirov, Zilola Sulaymonova, Shohrux Butayev, Sabrina Jonibekova va isteʼdodli shogirdlar Olim Omonov va Ibrat Fayzullayev kabi isteʼdodli musavvirlarning ijod namunalari taqdim etilgan. Ushbu asarlarda “ustoz-shogird” anʼanalarining barhayotligi va har bir ijodkorning individual uslubi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tashkilotchi Zuhra Rahmatovaning so‘zlariga ko‘ra, u ushbu ko‘rgazmada miniatyura sanʼatini adabiyot, tarix, o‘tmish falsafasi va bugungi kunni birlashtiruvchi jonli badiiy jarayon sifatida dunyoga taqdim etishni maqsad qilgan.
Berlinda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib etishda katta ahamiyat kasb etadi. Tadbir nafaqat Temuriylar davri miniatyura maktabining noyob anʼanalarini xorijlik tomoshabinlarga tanishtiradi, balki “ustoz-shogird” maktabi asosida shakllangan zamonaviy o‘zbek musavvirlarining yuksak mahoratini ham namoyish etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




