Toshkentda taniqli latviyalik ortoped-jarroh ishtirokida yuqori texnologik xayriya operatsiyasi o‘tkazildi

Iyun 19, 2026. 21:30 • 2 daq

12
Toshkentda taniqli latviyalik ortoped-jarroh ishtirokida yuqori texnologik xayriya operatsiyasi o‘tkazildi

TOSHKENT, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Latviyadagi mashhur travmatolog-ortoped, jarroh Kaspars Udris amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif dasturi doirasida “AKFA Medline” tibbiyot markazi, Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati va ekspertlari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

Muzokaralar davomida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish, xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirokida seminarlar, anjumanlar va malaka oshirish dasturlarini o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.

Kaspars Udris O‘zbekistonning yetakchi tibbiyot muassasalari bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuvlarda qo‘shma operatsiyalar sonini ko‘paytirish, tajriba almashinuvini faollashtirish hamda ilmiy-amaliy anjumanlar, o‘quv kurslari va ma’ruzalarni muntazam o‘tkazib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, tashrif doirasida travmatologiya va ortopediyadagi zamonaviy yondashuvlar, jarrohlik yo‘li bilan davolashning ilg‘or usullari hamda bemorlarni reabilitatsiya qilish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar, mahorat darslari va ilmiy-amaliy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Tashrifning muhim amaliy natijasi o‘laroq, “AKFA Medline” tibbiyot markazida Kaspars Udris va o‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirokida yuqori texnologiyali jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi. Ushbu operatsiya mahalliy shifokorlarga travmatologiya va ortopediya sohasidagi ilg‘or Yevropa yondashuvlari bilan tanishish imkonini berdi. Jarrohlik amaliyoti xayriya asosida bemor uchun bepul tarzda o‘tkazildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish