O‘zbekiston va Shvetsiya kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzoladi
Iyun 19, 2026. 21:00 • 2 daq
•
TOSHKENT, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ va Shvetsiyaning “TASCA” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur hujjat kritik metallar sohasida ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish, qiyin eriydigan qotishmalar va metall kukunlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Ushbu kelishuv yuqori qo‘shilgan qiymatga ega texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy sanoat texnologiyalarini amaliyotga joriy etish hamda kritik minerallar sohasidagi xalqaro hamkorlikni izchil mustahkamlashni ko‘zda tutadi.
Loyiha ilg‘or shved texnologiyalari asosida amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, bu kritik xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori tozalikdagi metall kukunlari ishlab chiqarish hamda ekologik samaradorlikni sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Ushbu strategik hamkorlik O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan yuqori texnologik mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Bundan tashqari, imzolangan hujjat sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, zamonaviy texnologiyalar transferini ta’minlash hamda O‘zbekistonning global kritik minerallar ta’minoti zanjiridagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi