Toshkent xalqaro investitsiya forumi Rossiya OAVda keng yoritildi

Iyun 19, 2026. 19:30 • 3 daq

82
Toshkent xalqaro investitsiya forumi Rossiya OAVda keng yoritildi

MOSKVA, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari yurtimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026)ga bag‘ishlangan turli maqolalar e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Rossiyaning multimedia internet-portali “MIR24.TV”da Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) doirasida O‘zbekiston Prezidentining chiqishiga alohida to‘xtalib o‘tgan. Materialda davlat rahbarining mamlakat turizm salohiyati, investitsiya muhiti va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqidagi fikrlari keltirilgan.

Nashr berilgan ma’lumotiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev forumning plenar sessiyasida so‘zga chiqib, O‘zbekiston yiliga 15–20 milliongacha xorijiy turistni qabul qilish salohiyatiga ega ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, turistlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi kamida 15 milliard dollarga yetkazilishi mumkinligi qayd etilgan.

“RIA Novosti” agentligi TXIF-2026ga tashrif buyurgan Rossiya Hukumati raisi Mixail Mishustinning forumdagi nutqiga e’tibor qaratgan. Maqolada qayd etilishicha, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Nashrda ta’kidlanishicha, iqtisodiy aloqalar tobora kengaymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda va hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik faollashmoqda.

“Kommersant’” gazetasida e’lon qilingan materialda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar hajmi ortib borayotganiga e’tibor berilgan. Maqolada yozilishicha, o‘tgan yil davomida o‘zaro tovar ayirboshlash 12,5 foizga o‘sgan. Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga yirik investorlar qatoriga kirib, umumiy investitsiyalar hajmi 4 trln rubldan oshgan. Bugungi kunda mamlakatda 3 mingdan ortiq Rossiya kompaniyasi faoliyat yuritmoqda va 150 dan ziyod yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

“Komsomolskaya pravda” gazetasi esa oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga alohida urg‘u berib, Rossiya va O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda hamkorlikni mustahkamlayotganini yozgan. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi hajmi yil boshidan beri deyarli 1,5 barobar oshgani qayd etilgan. Shuningdek, ikki davlat hududlarida texnoparklar tashkil etilayotgani, Navoiyda esa Rossiya kompaniyasi ishtirokida maishiy kimyo va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlangan.

“Interfaks” agentligi yangiliklarida esa energetika sohasi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatilgan. Rossiya va O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqish niyatida ekani, bu borada istiqbolli loyihalar soni yanada oshirilishi kerakligi alohida qayd etilgan.

Umuman olganda, Rossiya matbuotida e’lon qilingan materiallar Toshkent investitsiya forumi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish