Anda Filipp: Yangi O‘zbekiston qisqa vaqt ichida erishgan ulkan taraqqiyotdan hayratdamiz

Sentabr 04, 2026. 18:00 • 2 daq

33
Anda Filipp: Yangi O‘zbekiston qisqa vaqt ichida erishgan ulkan taraqqiyotdan hayratdamiz

SAMARQAND, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Anda Filipp “Dunyo” AA muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida Samarqandda o‘tayotgan XII Global yosh parlament aʼzolari konferensiyasining ahamiyati haqida fikr bildirdi.

– Biz bir necha yildan beri O‘zbekiston parlamenti bilan yaqin va samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Bu mamlakatingizda o‘tkazayotgan birinchi yirik tadbirimiz emas. Hozirgi konferensiya Toshkent va Samarqandda o‘tkazilayotgan beshinchi yirik parlamentlararo tadbirimiz bo‘ldi.

Biz O‘zbekistondan juda minnatdormiz. Yangi O‘zbekiston qisqa vaqt ichida erishgan ulkan taraqqiyotdan hayratdamiz.

Yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni yuqori baholaymiz. Ayniqsa, iqtisodiy rivojlanish, taʼlim va yangi texnologiyalarni joriy etish sohalaridagi ishlar muhim.

Yosh deputatlarni jamiyat hayoti va siyosiy jarayonlarga faol jalb etish ham katta ahamiyatga ega.

Prezident janoblarining yosh parlament aʼzolariga yo‘llagan tabrigini eshitib, xursand bo‘ldim. Biz uning nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi yetakchiligini ham yuqori qadrlaymiz.

Ayniqsa, inson manfaatlariga asoslangan boshqaruv borasidagi yondashuvi eʼtiborga loyiq. Bunday yondashuvda aholi ehtiyojlari va manfaatlari birinchi o‘rinda turadi.

O‘zbekistonning BMT Bosh Assambleyasiga barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning roli haqidagi rezolyutsiyani kiritish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ushbu hujjatning konsensus asosida qabul qilingani muhim yutuqdir.

Toshkent Assambleyasi yakunlari va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan ushbu rezolyutsiya Parlamentlararo Ittifoqning kelgusi faoliyati uchun muhim yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladi.

Bu hujjatlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar rolini yana-da kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Yosh parlament aʼzolarining g‘ayrati, fidoyiligi va o‘zgarishlarga intilishini qadrlaymiz. Ular allaqachon yetakchilarga aylangan. Yoshlar o‘z navbatini kutib o‘tirmasligi kerak.

Yosh deputatlar xalq vakillari sifatida katta masʼuliyatga ega. Biz ularni bu imkoniyatdan samarali foydalanishga chaqiramiz. Ular parlamentlar faoliyatida yana-da faol ishtirok etishlari kerak.

Yoshlarning kuch-g‘ayrati, yangi g‘oyalari va liderlik qobiliyati parlamentlar va jamiyatning yanada rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish