Tuliya Ekson: O‘zbekiston qator muhim yo‘nalishlarda xalqaro yetakchilikni zimmasiga olayotganidan g‘oyatda mamnunmiz
Sentabr 04, 2026. 16:30 • 2 daq
• 63
SAMARQAND, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Parlamentlararo Ittifoq prezidenti Tuliya Ekson “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berib, Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Samarqandda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmati hamda tinchlik masalalarini muhokama qilyapmiz. Ushbu konferensiya o‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi bilan chambarchas bog‘liqdir.
O‘tgan yili O‘zbekiston Prezidenti ijtimoiy siyosat va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish haqida so‘z yuritgan edi. Hozirda biz o‘sha tashabbuslar doirasida saʼy-harakatlarimizni izchil davom ettiryapmiz. Bugun ham dunyo yoshlari bilan muhim masalalarni muhokama qilish uchun tarixiy shaharga tashrif buyurganimizdan juda xursandmiz.
Biz, shuningdek, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokiga texnologiyalarning taʼsirini ham muhokama qilyapmiz. Xususan, kiberbulling, ayrim holatlarda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan sunʼiy intellektning taʼsiri haqida fikr almashmoqdamiz.
O‘tgan yili Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi chog‘ida qator muhim deklaratsiyalar qabul qilingan edi. Ushbu hujjatlarning ayrimlari BMTga ham taqdim etildi. Biz, Parlamentlararo Ittifoq sifatida, tadbirlarimizni shu yerda o‘tkazishga taklif qilgani uchun O‘zbekistondan juda minnatdormiz.
O‘ylaymanki, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslar mamlakatning ijobiy qiyofasini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston haqida gap ketganda, ko‘pchilikda ijobiy taassurot va yaxshi xotiralar uyg‘onadi.
BMT tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalarga kelsak, ular avvallari xalqaro muhokama mavzusiga kamdan-kam aylangan masalalarni global darajaga olib chiqishga qaratilgan O‘zbekistonning haqiqatan ham muhim tashabbuslari natijasidir.
O‘zbekiston qator muhim yo‘nalishlarda xalqaro yetakchilikni zimmasiga olayotganidan g‘oyatda mamnunmiz. Keyinchalik BMT rezolyutsiyalarining qabul qilinishiga olib keladigan tashabbuslarni ilgari surish ham muhim jihatlardan biridir.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidentining xalqaro miqyosdagi taklif va tashabbuslari mamlakatning ichki va tashqi siyosatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Dunyo” AA surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi