Logo

Novosibirskda ilk bor O‘zbekiston davlat konservatoriyasi kunlari bo‘lib o‘tdi

Aprel 02, 2026. 16:40 • 2 daq

55
Novosibirskda ilk bor O‘zbekiston davlat konservatoriyasi kunlari bo‘lib o‘tdi

NOVOSIBIRSK, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 31-mart – 2-aprel kunlari Novosibirsk davlat konservatoriyasida ilk bor “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi kunlari” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur madaniy tadbir O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan ikki mamlakat yetakchi musiqiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Dastur doirasida o‘zbekistonlik tajribali pedagog va musiqachilar M.I.Glinka nomidagi Novosibirsk davlat konservatoriyasida mahalliy hamda ushbu dargohda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun mahorat darslari va mavzuga oid ma’ruzalar o‘tkazdi. Ushbu ijodiy muloqotlar Sibir musiqa jamoatchiligi orasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirning eng yorqin voqeasi ikki konservatoriya musiqachilari ishtirokidagi tantanali gala-konsert bo‘ldi. Konsert davomida nemis bastakori I.S.Baxning ikki va uch klavir hamda orkestr uchun yozilgan uchta konserti ijro etildi. Novosibirsk konservatoriyasining Katta zalini to‘ldirgan tomoshabinlar o‘zbek ijrochilik maktabi vakillarining mahoratini davomli olqishlar bilan kutib oldi.

Novosibirsk konservatoriyasi rahbariyatining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professor Sayyora G‘afurova, dots.nt Feruza Muhamedova va xalqaro tanlovlar g‘olibi Habiba G‘oibovaning chiqishi nafaqat yuksak individual mahoratni, balki O‘zbekiston musiqa ta’limi tizimining xalqaro darajadagi nufuzini yana bir bor namoyish etdi.

Mazkur tashrifni tashkil etishda “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam va taqdim etilgan imtiyozlar delegatsiya a’zolari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratdi. Bu kabi tadbirlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish