Bursada o‘zbek madaniyati va turizmi namoyish qilindi
Aprel 08, 2026. 08:55 • 2 daq
• 191
BURSA, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Turikyaning Bursa Uludag‘ universitetining Alisher Navoiy o‘zbek tili va madaniyati markazi hamkorligida madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini keng jamoatchilikka tanitish, ikki davlat o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yana-da mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirda elchixona diplomatlari, universitet rahbariyati, talabalar, o‘zbek diasporasi vakillari, mahalliy turistik kompaniyalar xodimlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning boy tarixi, noyob madaniy merosi va turizm imkoniyatlari haqida fikr almashdi. So‘zga chiqqanlar, xalqaro miqyosda mamlakat imijini targ‘ib qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Turkiyaning Hatay viloyatidagi zilziladan jabr ko‘rgan 160 nafar fuqaroning O‘zbekistonga taklif qilinib, Navro‘z bayramini birgalikda nishonlagani eʼtirof qilindi.
Mamlakatimizning turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, “Doris Tour” kompaniyasi rahbari Kadir Gench O‘zbekistonga turistlarni jalb etish maqsadida yangi va o‘ziga xos turlar ishlab chiqilayotganini maʼlum qildi. Elchixona tomonidan turk tilida nashr etilgan “O‘zbekistonga tashrifning 10 sababi” nomli jurnallar ishtirokchilarga taqdim etildi.
Tadbirning madaniy qismi Qoraqalpoq milliy o‘tovida davom ettirildi. Mehmonlarga o‘zbek milliy taomi – palov tortiq qilindi. Uchrashuv elchixona tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan yakunlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi