Tailand Milliy kutubxonasiga O‘zbekistonga oid kitoblar topshirildi
Aprel 11, 2026. 14:00 • 2 daq
• 84
BANGKOK, 11-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Bangkokdagi bosh konsulxonasi tomonidan Tailand Milliy kutubxonasida “Dunyo to‘plamlarida O‘zbekiston madaniy merosi” nomli ilmiy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya, Myanma, Saudiya Arabistoni, Misr va AQSHning Tailanddagi elchixonalari rahbarlari, BMTning ESKATO tashkiloti vakili, Milliy kutubxona direktori, Taʼlim vazirligi hamda yetakchi universitetlar xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, madaniy uchrashuvda Shayxul-Islom va Oliy Patriarx idoralari mutasaddilari, siyosiy, madaniy va sayyohlik sohalari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va vatandoshlar ham qatnashdi.
O‘zbekiston vakillari tomonidan Tailand Milliy kutubxonasi fondiga O‘zbekiston tarixi, madaniyati va xalqimizning buyuk ajdodlari merosini aks ettiruvchi 77 ta kitob topshirildi.
Yurtimizning Bangkokdagi bosh konsuli “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” mega-loyihasi haqida maʼlumot berdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati – WOSCU ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyiha dunyoning turli mamlakatlaridan 300 dan ortiq nufuzli tarixshunos va sharqshunos olimlar tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Parij shahrida ro‘yxatdan o‘tgan.
Bosh konsul O‘zbekiston davlatchiligi tarixi uch ming yildan ziyod ekanini taʼkidlanib, xalqimizning buyuk allomalari – Amir Temur, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom al-Buxoriy va Zahiriddin Muhammad Boburning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham maʼlumot berildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Surxondaryo viloyatidagi buddaviylikka oid tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish ishlari amalga oshirilayotgani ham taʼkidlandi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va O‘zbekiston Madaniy meros agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyevning video murojaati namoyish qilindi. Shu bilan birga, “Madaniy kelajak”, “Renessans” hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida videoroliklar taqdim qilindi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonni mintaqaning muhim madaniy markazlaridan biri sifatida eʼtirof etib, uning jahon ilm-fani va maʼrifat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi. Ayniqsa, Buyuk Ipak yo‘li orqali Osiyo va Yevropa xalqlari o‘rtasidagi madaniy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni alohida taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi