7-11-iyul kunlari O‘zbekistonda birinchi Xalqaro islom forumi bo‘lib o‘tadi
Iyul 06, 2026. 09:16 • 2 daq
• 123
SANKT-PETERBURG, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. 7-11-iyul kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va maʼrifat yo‘li” nomli birinchi Xalqaro islom forumi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri “Russia News” axborot portaliga tayanib.
Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) tomonidan tashkil etilmoqda.
Forum islom olami vakillari uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanadi. Uning ishida turli mamlakatlardan yetakchi olimlar, maʼnaviy peshvolar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, universitetlar, muzeylar, kutubxonalar va gumanitar institutlar vakillari ishtirok etadi.
Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, taʼlimi, madaniyati, falsafasi, sanʼati va maʼnaviy merosi rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, sivilizatsiyalararo hamkorlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash masalalari muhokamaning asosiy mavzulari bo‘ladi.
Forum dasturidan yalpi majlislar, xalqaro ilmiy konferensiyalar, dunyoning yetakchi olimlari va din arboblari bilan uchrashuvlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga tashrif, islom sanʼati, xattotlik va qo‘lyozma merosi ko‘rgazmalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot brifinglari o‘rin olgan.
Taʼkidlash joizki, forum islom madaniy va ilmiy merosini asrab-avaylash hamda ommalashtirish borasidagi keng ko‘lamli ishlar doirasida o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida 2026 yil mart oyida islom dunyosining eng yirik gumanitar va maʼrifiy loyihalaridan biri bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi