YTTB 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,5 foiz o‘sishini prognoz qildi
Iyul 03, 2026. 16:00 • 2 daq
• 208
KIYEV, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB)ning yangi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti kelgusi ikki yil davomida yuqori o‘sish surʼatlarini saqlab qoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kyiv Diplomatic” jurnaliga tayanib.
Bank prognozlariga ko‘ra, mamlakat YIMning o‘sishi 2026-yilda 6,5 foizni, 2027-yilda esa 6,0 foizni tashkil etadi. Qayd etilishicha, joriy yil boshida O‘zbekiston mintaqadagi eng yuqori o‘sish surʼatlaridan birini namoyish etgan. Birinchi chorak natijalariga ko‘ra, real YIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizga o‘sdi.
Iqtisodiy o‘sishning asosiy omili barqaror ichki talab bo‘lib qolmoqda. Pul o‘tkazmalari hajmining ortishi hamda ish haqining ko‘tarilishi xizmatlar sohasining rivojlanishiga turtki berdi. Ushbu soha iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, sanoat va qurilish tarmoqlari ham sezilarli hissa qo‘shdi. Mazkur tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmi mos ravishda 8 foiz va 15,5 foizga oshdi.
YTTB baholashicha, iqtisodiy o‘sish surʼatlarini yana-da jadallashtirish uchun qo‘shimcha salohiyat xususiylashtirish dasturini amalga oshirish hamda tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirish bilan bog‘liq.
Prognozga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bank faoliyat yuritayotgan barcha davlatlar orasida eng yuqori o‘sish surʼatlarini namoyish etmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston investitsiya va isteʼmol faolligining yuqori darajasini saqlab qolgan holda Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi