“Al Diplomasy”: O‘zbekiston–Misr o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarida qanday yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratilmoqda?

Noyabr 27, 2026. 16:00 • 2 daq

• 229
“Al Diplomasy”: O‘zbekiston–Misr o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarida qanday yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratilmoqda?

QOHIRA, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “Al Diplomasy” nashrida arab va ingliz tillarida O‘zbekiston–Misr munosabatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi Qohira va Toshkent o‘rtasidagi diplomatik aloqalar haqida fikr bildirib, ikki tomonlama iqtisodiy sheriklik munosabatlariga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Misr yetakchisi Abdulfattoh as-Sisining 2018-yil sentyabr oyida O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarilgan. 2023-yil fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qohiraga tashrif buyurib, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga kelishib olgan.

Nashrda yozilishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 47 million dollardan oshgan, yil davomida Misr idoralari bilan 30 dan ortiq uchrashuv o‘tkazilgan. Shu bilan birga, Hukumatlararo komissiya 2009-yilgi yig‘ilishdan buyon davom etgan qariyb 15 yillik tanaffusdan so‘ng, 2024-yil dekabr oyida o‘z faoliyatini qayta tiklagan.

Muallifning ta’kidlashicha, Misr Suvaysh kanali, O‘rta yer va Qizil dengiz portlari, Suvaysh kanali iqtisodiy hududi hamda arab va Afrika mamlakatlari bilan aloqalarga ega.

Maqolada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning shu yil iyun oyida Qohiraga safari hamda uning TIV rahbari Badr Abdul Atti va Bosh vazir Mustafo Madbuliy bilan muzokaralari xususida ma’lumot berilgan.

Ushbu uchrashuvlarda tashqi siyosat idoralarining 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Misr dori vositalarini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish masalalari muhokama qilingan. Oktyabr oyida suv tadqiqotlari sohasidagi hamkorlik memorandumi ham ko‘rib chiqilgan.

Materialda Qohira va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarga to‘siq bo‘layotgan omillar qatorida komissiya faoliyatidagi tanaffus, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning yo‘qligi, cheklangan logistika, biznesning sust ishtiroki hamda erishilgan kelishuvlar va ularning ijrosi o‘rtasidagi tafovut sanab o‘tilgan.

Shuningdek, qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish, Qohira yoki Toshkentda investitsiya forumini o‘tkazish, Suvaysh kanali iqtisodiy hududida O‘zbekiston savdo yoki sanoat zonasi hamda Toshkentda Misr savdo markazini ochish masalalarini o‘rganish kabi tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish