Misr matbuoti: Yangi Konstitutsiya O‘zbekiston tashqi siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamladi
Noyabr 26, 2026. 12:30 • 3 daq
• 108QOHIRA, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda tashqi siyosat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi o‘rni va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, “Elbalad.news” nashrida O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari, yangi Konstitutsiyaning ushbu yo‘nalishdagi ahamiyati hamda mamlakatning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasidagi ustuvor vazifalari tahlil qilingan.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tashqi siyosati yaxshi qo‘shnichilik, ochiq muloqot, xalqaro huquq normalariga hurmat va teng huquqli sheriklik tamoyillariga asoslanadi. Mamlakat yirik davlatlar bilan munosabatlarda muvozanatni saqlash, milliy manfaatlar va davlat suverenitetini himoya qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Nashr O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlari – harbiy bloklarga qo‘shilmaslik, xorijdagi tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etmaslik va mamlakat hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik kabi tamoyillar o‘z ahamiyatini saqlab qolayotganini qayd etgan.
Bunda tinchlikparvar yondashuv passivlik emas, balki milliy manfaatlarni diplomatik muzokaralar, qonun ustuvorligi va ko‘p tomonlama hamkorlik orqali ta’minlash vositasi sifatida talqin qilingan.
“Dar Al-Hilal” nashrida 2023-yilda qabul qilingan yangi Konstitutsiyaning tashqi siyosatni takomillashtirishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan. Unda ochiqlik, pragmatizm va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarining mustahkamlanishi O‘zbekiston tashqi siyosatining barqarorligi va izchilligini ta’minlovchi muhim huquqiy asos sifatida baholangan.
Materialda mamlakatning xalqaro diplomatik aloqalari ko‘lamiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, O‘zbekiston 168 ta davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan, xorijda 60 ta diplomatik va konsullik vakolatxonasiga ega hamda 100 dan ortiq xalqaro tashkilot a’zosi hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatning xalqaro jarayonlardagi ishtiroki va tashqi hamkorlik imkoniyatlari kengayib borayotganini aks ettiradi.
Shu bilan birga, maqolada zamonaviy tashqi siyosatning yangi yo‘nalishlari, xususan, raqamli diplomatiya, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, davlat texnologiyalari va moliyaviy texnologiyalar sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham alohida yoritilgan. Bu O‘zbekiston diplomatiyasi an’anaviy siyosiy va iqtisodiy aloqalar bilan cheklanib qolmasdan, global texnologik o‘zgarishlarga ham moslashayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim natijalaridan biri sifatida qayd etilgan. Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikning kuchayishi suv-energetika, ekologiya, transport, savdo va xavfsizlik masalalarini birgalikda hal etish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

