“Daily Financial Time”: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohangdir
Noyabr 26, 2026. 20:00 • 2 daq
• 48
ISLOMOBOD, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi “Daily Financial Time” gazetasida “O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan yo‘li: strategiyalardan amaliy natijalargacha” sarlavhali tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston 192 ta davlat qatorida BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan kun tartibini qabul qilgani eslatilib, mamlakatda global maqsadlar qanday hayotga tatbiq etilayotgani batafsil tahlil qilingan.
Barqaror rivojlanish maqsadlari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga hamda 2030-yilgacha mo‘ljallangan 50 dan ortiq tarmoq strategiyalariga integratsiya qilingan. Ular ijtimoiy himoya, raqamlashtirish, gender tengligi va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishlarini qamrab oladi. Shuningdek, 2025-yil oktabr oyida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik dasturi imzolandi.
Maqolada institutsional jihatlar — qonun ustuvorligini mustahkamlash, davlat boshqaruvi shaffofligini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu vazifalar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlarida, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish islohotlarida mustahkamlangan. Jumladan, 2026-yildan boshlab ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish, idoralararo ma’lumotlar almashinuvini rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi amalga oshirilmoqda.
Nashr xulosasida ta’kidlanishicha, BRM tizimini institutsional shakllantirish va aholining bazaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bosqichi asosan yakunlangan. Kambag‘allik darajasi qariyb ikki baravarga qisqardi, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti va bolalarni maktabga tayyorlash qamrovi deyarli to‘liq ta’minlandi, energetika sohasida esa energiya manbalari tarkibi jadal sur’atlar bilan yangilanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi