“Diplomacy Journal”: Yangi Konstitutsiya O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik asoslarini belgilab berdi

Noyabr 26, 2026. 14:00 • 2 daq

• 52
“Diplomacy Journal”: Yangi Konstitutsiya O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik asoslarini belgilab berdi

SЕUL, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “Diplomacy Journal” nashrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va uning mamlakat tashqi siyosatini shakllantirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, 2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi Konstitutsiya O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim huquqiy va strategik asosiga aylangan. Unda ochiqlik, pragmatizm, tinchliksevarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarining mustahkamlanishi mamlakatning xalqaro munosabatlardagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi qayd etilgan.

O‘zbekiston bugun 168 ta davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan, 100 dan ortiq xalqaro tashkilot a’zosi hisoblanadi. Mamlakatning xorijdagi 60 ta diplomatik va konsullik vakolatxonasi hamda Toshkentda faoliyat yuritayotgan diplomatik missiyalar xalqaro hamkorlik aloqalari kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Nashrda Konstitutsiyaning 17 va 18-moddalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu moddalarda davlatlarning suveren tengligi, chegaralar daxlsizligi, hududiy yaxlitlik, kuch ishlatmaslik, ichki ishlarga aralashmaslik hamda tinchliksevar tashqi siyosat yuritish tamoyillari mustahkamlangani ta’kidlangan.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda qarama-qarshilik o‘rniga muloqot va teng huquqli sheriklikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish siyosati so‘nggi yillardagi muhim o‘zgarishlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Bu yondashuv suv-energetika, ekologiya, transport, savdo va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini hamkorlikda hal etish uchun zamin yaratmoqda.

Muallif zamonaviy diplomatiyaning yangi yo‘nalishlariga ham to‘xtalib, raqamli diplomatiya, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, moliyaviy va davlat texnologiyalari sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etgan. O‘zbekistonning madaniy merosi, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik kabi qadriyatlari mamlakatning xalqaro maydondagi «yumshoq kuchi»ni mustahkamlovchi omillar sifatida baholangan.

Maqolada yana bir muhim jihat – xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasiga e’tibor qaratilgan. Yangi Konstitutsiyada davlatning o‘z fuqarolarini mamlakat hududida ham, xorijda ham himoya qilishi kafolatlangani belgilangan.

Mazkur maqola Janubiy Koreya auditoriyasiga O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar, tashqi siyosatning huquqiy asoslari va mamlakatning xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalari haqida ma’lumot bergan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish