«Associated Press of Pakistan»: O‘zbekiston TDT sammitida keng qamrovli va pragmatik tashabbuslarni ilgari surdi
May 22, 2026. 12:25 • 2 daq
• 117
ISLOMOBOD, 22-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Associated Press of Pakistan” AAda O‘zbekiston Prezidentining Turkistondagi TDT sammitida ilgari surgan tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov fikr-mulohazalari ifodalangan ushbu materialda O‘zbekiston Prezidentining Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtiroki haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Maqolada taʼkidlanishicha, Turkistondagi TDTning ushbu sammitida madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari bilan bir qatorda raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, transport, innovatsiyalar kabi yo‘nalishlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Akromjon Neʼmatov tashrifning gumanitar jihati g‘oyat ahamiyatli ekanini taʼkidlagan. Uning maʼlum qilishicha, O‘zbekiston tomonining Turkistonda qurdirgan masjidini ziyorat qilishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yorqin namunasi, xalqlarimizning umum tarixiy, maʼnaviy va madaniy yaqinligining ifodasi bo‘ldi.
Kengroq doirada ushbu tashrif O‘zbekiston barcha hamkorlar bilan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish tarafdori bo‘lib, ochiq va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettirayotganini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari turkiy hamkorlikka yopiq geosiyosiy loyiha sifatida emas, balki Yevroosiyodagi keng qamrovli inklyuziv va o‘zaro manfaatli hamkorlik arxitekturasining bir qismi sifatida qarashi muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ilgari surgan takliflarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratgan. O‘zbekiston tomoni nafaqat turkiy dunyo hamjamiyatini mustahkamlashga, balki eng avvalo, texnologik, transport, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishga qaratilgan juda keng qamrovli va ayni paytda pragmatik kun tartibini ilgari surgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




