BBC: O‘zbekiston dunyoning eng tez rivojlanayotgan IT bozorlaridan biriga aylanmoqda

Avgust 20, 2026. 12:30 • 2 daq

89
BBC: O‘zbekiston dunyoning eng tez rivojlanayotgan IT bozorlaridan biriga aylanmoqda

LONDON, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur BBC portalida O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanayotgani haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda so‘nggi yillarda mamlakat IT sohasi jadal surʼatlarda o‘sib, dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimlaridan biriga aylangani taʼkidlangan. Bu jarayonda Toshkentdagi IT Park muhim o‘rin tutib, ayni paytda u 3,7 mingta kompaniyani birlashtirgan.

Nashrga ko‘ra, IT Park rezidentlari soliq imtiyozlari, kadrlar tayyorlash va jalb etishda ko‘mak, venchur moliyalashtirish hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlaridan foydalanmoqda. IT xizmatlari eksporti 2017-yildagi 600 ming dollardan 2025-yilda 1 milliard dollarga yetgan. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

BBC O‘zbekistonda texnologik biznes uchun yaratilgan maxsus huquqiy va moliyaviy muhitga ham eʼtibor qaratgan. Jumladan, IT Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari, kompaniyalarni ishga tushirish xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan “Zero Risk” dasturi, yangi biznes modellarini sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi tartibga soluvchi “qumdonlar” va “Enterprise Uzbekistan” tizimi qayd etilgan.

Shu bilan birga, nashrda mamlakatda raqamli infratuzilma va IT sohasi uchun kadrlar salohiyati izchil kengaytirilayotganiga alohida eʼtibor qaratilgan. Mobil keng polosali aloqa aholi yashaydigan hududlarning 99,5 foizini, optik tolali tarmoqlar esa 98,2 foizini qamrab olgan. 2025-yilda 510 mingdan ziyod yosh xalqaro tan olingan IT sertifikatlariga ega bo‘lgan, ularning 55 foizini qizlar tashkil etgan.

Maqolada O‘zbekiston IT-autsorsing yo‘nalishida ham o‘z mavqeini mustahkamlayotgani qayd etilgan. Xususan, kompaniyalar alohida loyihalardan doimiy dasturiy taʼminot, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik sohalaridagi jamoalarni shakllantirishga o‘tayotgani taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish