“Daily News Hungary”: 8–10-sentyabrda Toshkentda jahon to‘qimachilik sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi
Avgust 17, 2026. 18:00 • 2 daq
• 130
BUDAPESHT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning ommabop “Daily News Hungary” onlayn nashrida 8–10-sentyabr kunlari Toshkent shahrida to‘qimachilik yo‘nalishida bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmaga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston poytaxtida “Global Textile Days” anʼanaviy haftaligini ochib beruvchi 17-Markaziy Osiyo xalqaro to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari ko‘rgazmasi — “CAITME 2026” bo‘lib o‘tadi.
Tadbir mintaqaning to‘qimachilik va tikuvchilik sohasini qayta jihozlash va modernizatsiya qilishda muhim rol o‘ynab, ishlab chiqaruvchilarga mahsuldorlikni oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Bu yilgi ko‘rgazma 17 mamlakatdan 250 ta kompaniya va brendni birlashtiradi. Germaniya, Avstriya, Hindiston, Italiya, Xitoy, Turkiya, AQSH, Shveysariya va boshqa yetakchi to‘qimachilik davlatlari kompaniyalari qatnashadi.
Jumladan, to‘qimachilik asbob-uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda tan olingan yetakchilar hamda Yevropa va Osiyoning “Rieter”, “Toyota”, “Muratec”, “Picanol”, “Epson”, “Karl Mayer”, “Itema” kabi ilg‘or texnologiya yetkazib beruvchilari ham ishtirok etadi.
Tashkilotchilar maʼlumotiga ko‘ra, ko‘rgazmaning eng yorqin voqealaridan biri 9-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub” innovatsion loyihasi bo‘ladi.
O‘zbekistonda ilk bor to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari hamda savdo tarmoqlari, fabrika va sohaviy kompaniyalar xaridorlariga sunʼiy intellektdan foydalangan holda raqamli formatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B muzokaralarini o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi