Pokiston OAV: O‘zbekiston yoshlarining ovozi jahon kun tartibi bilan hamohang yangramoqda

Avgust 18, 2026. 19:31 • 4 daq

174
Pokiston OAV: O‘zbekiston yoshlarining ovozi jahon kun tartibi bilan hamohang yangramoqda

ISLOMOBOD, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Diplomatic News Agency” axborot agentligi va “Islamabad Post” gazetasi taniqli jurnalist Sadriddin Suyarovning “Mustaqillik avlodi – yangi Ipak yo‘lining yo‘l boshlovchilari” sarlavhali maqolasini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Yozning o‘rtasidagi kechki Toshkent Markaziy Osiyoning qoq markaziga ko‘chirilgan jonli O‘rta yer dengizi megapolisini eslatadi, – deb yozadi muallif. – Shahar markazidagi kovorkingning yozgi terrasada bir guruh yoshlar o‘zbek tilidan benuqson ingliz tiliga o‘tib, yangi fintex-startap arxitekturasini qizg‘in muhokama qilmoqda. Ulardan bir necha kilometr narida, Sanʼat galereyasi zallarida ularning tengdoshlari anʼanaviy o‘zbek matosi – ikat raqamli sanʼat prizmasi orqali qayta talqin qilingan ko‘rgazmani ochmoqda”.

Nashrda taʼkidlanishicha, bu zamonaviy poytaxt hayotidan oddiy bir lavha emas, bu – 2026-yil namunasidagi O‘zbekiston qiyofasi, o‘z mustaqilligining 35 yilligini nishonlayotgan mamlakat qiyofasidir.

Tarix uchun o‘ttiz besh yil – juda qisqa bir lahza. Ammo O‘zbekiston uchun bu bosqich o‘ziga xos, sezilarli ahamiyatga ega. Mamlakat noyob demografik manzaraga ega: aholining 60 foizdan ortig‘ini 30 yoshga to‘lmaganlar tashkil etadi. Bugun 35 yoshga kirayotganlar – mustaqil O‘zbekiston davlatchiligi bilan tengdosh avlod. Mamlakatda ularni “Mustaqillik avlodi” deb atashadi.

“Mustaqillik avlodi” yangi almashinuv infratuzilmasini barpo etmoqda. So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston IT sohasida taʼsirchan sakrashni amalga oshirib, mintaqaviy texnologiya isteʼmolchisidan ularni eksport qiluvchi davlatga aylandi. Bu transformatsiyaning yuragi Toshkentdagi IT Park va uning mamlakat bo‘ylab filiallari – texnologik kompaniyalar uchun maxsus imtiyozli hudud bo‘ldi», – qayd etilgan materialda

Agar o‘n yil avval mamlakatdan dasturiy taʼminot eksporti kamtarona miqdorlarda o‘lchangan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich yuzlab million dollarga yetmoqda, buyurtmalar geografiyasi esa AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, BAA va boshqa mamlakatlarni qamrab olgan.

Nashrda o‘zbekistonlik yosh dasturchi Ziyobek Turdiyevning yutuqlari eʼtirof etilgan. Maʼlum qilinishicha, u Amerika logistika kompaniyasida operator sifatida faoliyatini boshlagan u keyinchalik TheCarGo – AQSh avtotransport brokerlari uchun sunʼiy intellekt asosida ishlovchi operatsion tizimni loyihalab, ishga tushirdi. Platformaning o‘ziga xosligi shundaki, unda inson agentlari va sunʼiy intellekt agentlari yelkama-yelka ishlab, jarayonlarni to‘liq avtomatlashtiradi. Bugun TheCarGo mijozlarining 100 foizi Amerikadan, kompaniyaning oylik daromadi esa ikki baravarga oshgan. Ziyobek o‘z muvaffaqiyatini qisqa va lo‘nda tushuntiradi: “Biz AQSh bozorida talabni tekshirish uchun mahsulot bilan chiqdik – va talab ulkan ekan”.

Muallif taʼkidiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlari mutlaqo boshqacha huquqiy va siyosiy madaniyatni shakllantirmoqda. Yevropa, AQSh va Osiyoning yetakchi universitetlarida taʼlim olgan yosh huquqshunoslar, diplomatlar va davlat xizmatchilari bugun xalqaro standartlarni milliy amaliyotga integratsiya qilmoqda.

Pokiston OAVda eʼlon qilingan maqolada O‘zbekiston yoshlarining ovozi jahon kun tartibi bilan hamohang yangrayotganining yorqin tasdig‘i 2025-yil oktyabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKOning XIV Yoshlar forumi bo‘lgani maʼlum qilingan. “Harakatlar avlodi” shiori ostida o‘tkazilgan forumda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatidan qariyb 150 nafar delegat ishtirok etdi. Forum tarixda birinchi marta Markaziy Osiyoda o‘tkazildi. U YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasi arafasida tashkil etildi. O‘zbekistonning yosh liderlari iqlim kun tartibi va madaniy meros masalalari muhokamasiga o‘z taʼsirini o‘tkazib, ularning ovozi shunchaki mintaqaviy tashabbus emas, balki global taraqqiyotga qo‘shilayotgan hissa ekanini namoyish etdi.

“Inson uchun 35 yosh – yoshlikdagi izlanishlar va ambitsiyalar o‘rnini anglangan yetuklik, strategik fikrlash va dunyodagi o‘z o‘rnini aniq tushunish egallaydigan davrdir. Davlat uchun ham bu bosqich xuddi shunday maʼnoni anglatadi. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini shunchaki erishilgan yutuqlar yuki bilan emas, balki o‘n yillar oldinga mo‘ljallangan aniq taraqqiyot yo‘nalishi bilan qarshi olmoqda”, – deya urg‘ulangan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish