O‘zbekiston va Germaniya yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldi
Avgust 20, 2026. 11:30 • 2 daq
• 160
BERLIN, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. “UZBEKISTAN invest now” jurnalida O‘zbekiston–Germaniya hamkorligi, yurtimizdagi iqtisodiy va investitsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan turkum maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning shu yil 17–18-iyun kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida unga Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi tomonidan shakllantirilgan 16 kishilik biznes-delegatsiya hamrohlik qilgan.
Tashrif davomida qator loyihalar, xususan, Toshkent shahrida istiqbolda Markaziy Osiyo mintaqaviy bozoriga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan “Volkswagen” avtomobillarini yig‘ish zavodini ishga tushirish, “Rhenus Group” bilan hamkorlikda Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish, “Henkel” kompaniyasi ishtirokida isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “Deutsche Bahn” bilan birgalikda kasblarga o‘qitish dasturini amalga oshirish hamda yangi “Telc” til imtihonlari markazini ochish bo‘yicha qator hujjatlar imzolangan.
Materialda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasining Markaziy Osiyo ishchi guruhi spikeri Niko Varbanoff fikrlariga eʼtibor qaratilgan. Uning taʼkidlashicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan barqaror bozorlaridan biriga aylanib, mintaqada muhim siyosiy va logistik o‘rin egallagan.
Ekspert mamlakatning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda texnologik hamkorlikka yuqori qiziqishini Germaniya kompaniyalari uchun sanoat, mashinasozlik hamda yirik infratuzilma loyihalarida qo‘shimcha imkoniyat sifatida baholagan.
Maqolada qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi imkoniyatlarga ham alohida eʼtibor qaratilgan. O‘zbekiston 2027-yilga qadar qayta tiklanuvchi manbalarning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 35 foizga, 2030-yilga borib 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. 2026-yil boshida “yashil” energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 11 milliard dollar bo‘lgan 42 ta loyiha eʼlon qilingan.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida Nukus shahrida amalga oshirilayotgan ko‘p qavatli uyni kompleks modernizatsiya qilish pilot loyihasi energiya samaradorligi sohasidagi amaliy hamkorlik namunasi sifatida keltirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi