Mashhur Amerika nashrida Buxoroning boy tarixi va zamonaviy qiyofasi haqida maqola eʼlon qilindi

Iyun 30, 2026. 13:00 • 3 daq

44
Mashhur Amerika nashrida Buxoroning boy tarixi va zamonaviy qiyofasi haqida maqola eʼlon qilindi

VASHINGTON, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. Amerikaning nufuzli “The New York Times” gazetasida “Buxoro – yangi qiyofa kasb etgan O‘zbekistonning qadimiy shahri” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Gazetada yozilishicha, ming yildan ortiq vaqt davomida Buxoro Buyuk Ipak yo‘lidagi eng muhim maskanlardan biri bo‘lib, xalqaro savdo, ilm-fan, madaniyat va hunarmandchilikning yirik markazi sifatida xizmat qilgan.

Maqola muallifi Gizela Uilyamsning fikricha, Islom sivilizatsiyasining Oltin davrida, taxminan VIII asrdan XIII asrgacha, shahar mintaqaning eng yirik intellektual markazlaridan biriga aylangan. Aynan shu yerda yetishib chiqqan ulug‘ olimlar, meʼmorlar, matematiklar va ustalar jahon fani, tibbiyoti, sanʼati va arxitekturasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.

Materialda Buxoroning boy tarixiy-meʼmoriy merosiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bugungi kunda shaharda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan 140 dan ortiq yodgorlik saqlanib qolgani, ular orasida moviy gumbazli muhtasham masjidlar, qadimiy maqbaralar, madrasalar va mahobatli Ark qalʼasi Sharqning eng yaxshi saqlanib qolgan tarixiy shaharlaridan birining betakror muhitini yaratishi alohida urg‘ulangan.

Muallif Buxoro bugungi kunda yana xalqaro madaniy markazga aylanayotganini qayd etgan. Gizela Uilyamsning taʼkidlashicha, dunyoning turli mamlakatlari va O‘zbekiston ijodkorlarini birlashtirgan birinchi Buxoro biyennalesining o‘tkazilishi muhim voqea bo‘lgan. Badiiy art-loyihalar shaharning tarixiy obidalari uchun maxsus yaratilgan, biyennalening o‘zi esa jahon ijodiy jamoatchiligi eʼtiborini Buxoroning boy madaniy merosiga qaratishga xizmat qilgan.

O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova loyihaning bosh maqsadlaridan biri sifatida tarixiy obyektlarni keng targ‘ib etish va mahalliy hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash ekanini ko‘rsatib o‘tgan.

Buxoroning gastronomik anʼanalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shaharning eng yaxshi maskanlari qatorida milliy retseptlar asosida Buxoro oshi tayyorlanadigan “Osh Joy”, tarixiy karvonsaroyda joylashgan “Joy Gastro Restaurant”, mehmonlarga o‘zbek milliy taomlarini taklif etuvchi “Palmira”, “Dilkor Lagman” va “Old Bukhara” maskanlari ajratib ko‘rsatilgan.

Milliy hunarmandchilik ishqibozlariga esa “Akbar House Collection” galereyasi, taniqli usta Zohir Kamolovning ustaxonasi, Davlat Toshevning badiiy ustaxonasi, “Ustoz-Shogird” amaliy sanʼat markazi, “Pavillon Kalon” konsept-stori hamda boshqa milliy suvenirlarni xarid qilish mumkin bo‘lgan Buxoro Markaziy bozoriga tashrif buyurish tavsiya etilgan.

Amerika gazetasi Buxoroning asosiy diqqatga sazovor joylari sifatida “Sitorai Mohi Xosa” saroyi, “Baland” masjidi, “Xo‘ja Zayniddin” sufiylik majmuasi, “Chor-Bakr” memorial ansambli, “Ark” qalʼasi, Somoniylar maqbarasi va “Qiz-Bibi” ziyoratgohini ko‘rsatib o‘tgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish