O‘zbekiston va Avstriya universitetlari o‘rtasida akademik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi

Sentabr 17, 2026. 12:30 • 2 daq

23
O‘zbekiston va Avstriya universitetlari o‘rtasida akademik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi

KREMS, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Avstriyaning Krems uzluksiz taʼlim universiteti Oliy taʼlim sohasidagi tadqiqotlar departamenti doktori Korina Geppert bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Avstriya oliy taʼlim muassasalari va tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma taʼlim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.

Korina Geppert O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligi, hamkorlikni rivojlantirish, o‘qituvchi va tadqiqotchilar almashinuvi hamda qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Avstriya, Markaziy, Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa mintaqalarning universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarini birlashtirgan “Eurasia-Pacific Uninet” akademik tarmog‘i imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda o‘qituvchilar uchun akademik almashinuvlar va o‘zbek olimlarining xalqaro tadqiqotlarda, jumladan, akademik kasbning zamonaviy va kelajakdagi muammolariga bag‘ishlangan “Akademik kasbning hozirgi va kelajak muammolari” loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Krems uzluksiz taʼlim universiteti Avstriyaning professional va diplomdan keyingi taʼlim hamda amaliy tadqiqotlarga ixtisoslashgan davlat oliy taʼlim muassasasidir.

1995-yilda tashkil etilgan universitet 100 dan ortiq mamlakatdan 6,4 mingdan ortiq talabani birlashtiradi. Uning tadqiqotlari texnologiya va innovatsiyalar, taʼlim, sog‘liqni saqlash, madaniy meros, migratsiya va barqaror jamiyatlarni shakllantirish masalalarini qamrab oladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish