Misr OAV: O‘zbekiston va Serbiya ekologiya, madaniyat, fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Sentabr 06, 2026. 13:10 • 2 daq
• 178QOHIRA, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Sada Elbalad English” va “Eldameer” nashrlarida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlashga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Sada Elbalad English” nashrida ekologik muloqot faol rivojlanayotgani, Serbiya atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Sara Pavkov boshchiligidagi delegatsiyaning Samarqandda bo‘lib o‘tgan Global ekologik fondning 8-assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” ko‘rgazmasida ishtirok etgani bu boradagi muhim bosqich bo‘lgani ta’kidlangan.
Maqolada Serbiya o‘rmon qoplamini 37 foizgacha oshirgan o‘rmon xo‘jaligi sohasi, , bioxilma-xillikni saqlash va Serbiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan “Green University” Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti o‘rtasidagi akademik aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish istiqbolli ekani qayd etilgan. Tomonlar Toshkent shahrida “Eco Expo Central Asia 2027” ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
“Eldameer” nashrida ikki tomonlama munosabatlarning gumanitar va madaniy jihatlariga e’tibor qaratilgan. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov maqolada alohida so‘z yuritgan. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar hamda imzolangan kelishuvlar, jumladan, Toshkent va Belgrad shaharlari o‘rtasidagi sheriklikning tarixiy ahamiyatini qayd etgan.
Ikki xalqning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini ramziy ifodalovchi “Al-Xorazmiydan Teslagacha” qo‘shma kinoloyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Mualliflar xalqlarni yaqinlashtirishda muzeylararo almashinuv, adabiy tarjimalar va madaniyat kunlarini tizimli ravishda tashkil etish muhim ekaniga urg‘u bergan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

