Pokiston OAV: O‘zbekiston va Serbiya ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlamoqda

Sentabr 06, 2026. 16:00 • 2 daq

92
Pokiston OAV: O‘zbekiston va Serbiya ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlamoqda
Pokiston OAV: O‘zbekiston va Serbiya ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlamoqda

ISLOMOBOD, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Diplomatic Affairs” va “MNN News” nashrida “Munosib sheriklikning nurli istiqbollari” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston–Serbiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Serbiya munosabatlari yangi mazmun va ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, o‘tgan yilda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi uchun muhim qadamlar tashlandi.

Serbiya bilan madaniy hamkorlikni uzluksiz tizim sifatida rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada O‘zbekistonning musiqa va raqs san’ati, teatr va kinosi, tasviriy va amaliy san’ati, adabiyoti, hunarmandchiligi Serbiya jamoatchiligiga mamlakatimizning boy madaniy qiyofasini tanitish uchun katta imkoniyat beradi.

O‘z navbatida, serb madaniyati va san’atini O‘zbekistonda kengroq targ‘ib qilish ikki xalq o‘rtasidagi madaniy muloqotni bir tomonlama emas, o‘zaro manfaatli jarayonga aylantiradi.

Bu borada madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, konsertlar, kino namoyishlari, teatr gastrollari, ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari eng samarali vositalardan biridir.

Nashrlarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston–Serbiya madaniy hamkorligida kinematografiyaning alohida o‘rni bor. Xususan, 2026-yil 3-aprel kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligida Serbiya Madaniyat vazirligi Davlat kotibi Lav Paykich bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligida suratga olinishi rejalashtirilayotgan “Al-Xorazmiydan Teslagacha” qo‘shma film loyihasining tashkiliy masalalari muhokama qilingani bu yo‘nalishdagi muhim qadamdir.

“Loyihada katta ramziy ma’no bor. Bir tomonda – jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Muhammad al-Xorazmiy, ikkinchi tomonda – elektrotexnika va ixtirochilik tarixida alohida o‘rin tutgan Nikola Tesla. Ularni bir badiiy g‘oya atrofida birlashtirish ikki xalqning nafaqat madaniyati, balki ilm-fan, tafakkur va sivilizatsiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatish uchun ham o‘ziga xos imkoniyatdir”, – degan O‘zbekiston madaniyat vaziri.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish