“Euronews Srbija”: O‘zbekiston–Serbiya iqtisodiy sherikligida yangi bosqich boshlanmoqda

Sentabr 07, 2026. 19:00 • 2 daq

159
“Euronews Srbija”: O‘zbekiston–Serbiya iqtisodiy sherikligida yangi bosqich boshlanmoqda

BELGRAD, 7-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Serbiyaning “Euronews Srbija” portalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga bo‘lajak rasmiy tashrifiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lumotlari keltiriladi: 2016-yildan 2025-yilgacha mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb 9 baravarga — 1,4 million dollardan 12 million dollargacha o‘sgan.

O‘zbekistonda Serbiya sarmoyasi ishtirokidagi 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda va ushbu davrda Serbiyadan jalb etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 2,2 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston Serbiyani Yevropa bozorlariga chiqish yo‘lida darvoza, Serbiya esa O‘zbekistonni Markaziy Osiyoga chiqish uchun platforma sifatida biladi. Mashinasozlik, farmatsevtika, energetika, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda mamlakat kompaniyalarining Serbiya temiryo‘l loyihalarida ishtirok etishi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

Davlatimiz rahbarining bo‘lajak tashrifi savdodan chuqur sanoat kooperatsiyasiga o‘tish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqishga turtki berishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish