“SrpskiPogled”: O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga bo‘lajak tashrifi hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi

Sentabr 07, 2026. 14:00 • 3 daq

153
“SrpskiPogled”: O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga bo‘lajak tashrifi hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi

BELGRAD, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Serbiyaning ommabop “SrpskiPogled” axborot-analitik portalida O‘zbekiston Prezidentining Belgradga bo‘lajak tashrifiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga bo‘lajak rasmiy tashrifi Tashkent va Belgrad o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, taʼlim va gumanitar loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar Serbiya tomonidan O‘zbekiston mustaqilligi 1991-yil 31-dekabrda tan olinishi va 1995-yil 18-yanvarda diplomatik aloqalar o‘rnatilishi bilan boshlangan. So‘nggi yillarda, ayniqsa 2025-yildan eʼtiboran ushbu aloqalar yangi surʼat oldi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandar Vuchichning 2025-yil sentyabr oyida Pekindagi uchrashuvi hamda Serbiya rahbarining shu yil oktyabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk rasmiy tashrifi muhim shartnomalar imzolanishi bilan tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Taʼkidlanishicha, hozirda mavjud 12 million dollarlik tovar aylanmasi va O‘zbekistondagi 9 ta serb kapitali ishtirokidagi korxona ikki mamlakat iqtisodiyotining aslida mavjud bo‘lgan real salohiyatini aks ettirmaydi. O‘zbekiston to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat va mashinasozlik kabi sohalarda jadal o‘sib borayotgan sanoat bazasiga ega. Serbiya esa boy ishlab chiqarish tajribasi va Yevropa Ittifoqi bozoriga imtiyozli kirish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu uchinchi mamlakatlar bozorlariga yo‘naltirilgan qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun keng istiqbollar ochadi.

Iqtisodiy hamkorlik kontekstida kichik hajmdagi savdodan uzoq muddatli sanoat va investitsiyaviy sheriklikka o‘tish ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatilgan. O‘zbekiston eksporti turlarini kengaytirish va qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ulushini oshirish bunga amaliy zamin yaratadi. Bundan tashqari, Toshkent va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali transport bog‘liqligini taʼminlash biznes, turistik va gumanitar almashinuvlarni sezilarli darajada yengillashtiradi.

Mehnat migratsiyasi sohasi ham yuqori salohiyatga ega yo‘nalish sifatida eʼtirof etilgan. Taʼlim va fan sohasida o‘zbekistonlik talabalarning “Mir v Serbii” dasturidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, muhandislik, axborot texnologiyalari va amaliy fanlar bo‘yicha universitetlararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, turizm, kinematografiya va madaniyat sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish siyosiy munosabatlarga qo‘shimcha turtki beradi. Qayd etilganidek, siyosiy va institutsional poydevor allaqachon mustahkamlangan, endigi vazifa ushbu imkoniyatlarni ikki mamlakat biznes vakillari va fuqarolari uchun manfaatli bo‘lgan dinamik sheriklikka aylantirishdan iboratdir.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish