“UN Journal”: Yangi O‘zbekiston — Markaziy Osiyoda tinchlik, ishonch va farovonlik meʼmori

Sentabr 07, 2026. 15:00 • 2 daq

117
“UN Journal”: Yangi O‘zbekiston — Markaziy Osiyoda tinchlik, ishonch va farovonlik meʼmori

SEUL, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning ommabop “UN Journal” jurnalida “Tinchlik va ishonch meʼmoriga aylangan Yangi O‘zbekiston” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda 1991-yildan so‘ng Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan murakkab chegara masalalari, xususan, Farg‘ona vodiysida oilalar va aholi maskanlarining ajralib qolgani achchiq insoniy taqdirlar tafsilotlari orqali ochib berilgan. Chegaralar shunchaki geografik chiziq emas, balki insonlar hayoti va taqdiriga bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi muhim omil ekani alohida urg‘ulanadi.

Shuningdek, maqolada so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi bosh ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani, natijada chegaralarda yangi nazorat-o‘tkazish maskanlari qayta tiklanib, transport va savdo qatnovi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani eʼtirof etiladi.

Ayniqsa, 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Emomali Rahmon va Sadir Japarov tomonidan uch davlat chegaralari tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi mintaqaviy diplomatiyada mutlaqo yangi davrni boshlab bergani qayd etiladi.

Muallif mintaqadagi pragmatik siyosat va o‘zaro ishonchning amaliy natijalarini aniq raqamlar bilan asoslab beradi. Xususan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro savdo aylanmasi 2016-yildagi 2,5 milliard dollardan 2025-yil yakunlariga ko‘ra 8 milliard dollardan oshgani keltirilgan.

“UN Journal” nashrida eʼlon qilingan maqola xulosasida taʼkidlanganidek, Yangi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va pragmatizm tamoyillariga asoslangan tashqi siyosat Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va umumiy taraqqiyotning mustahkam meʼmorchiligini yaratishga xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish