“Politika”: O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga bo‘lajak tashrifi siyosiy muloqotni amaliy loyihalarga aylantirish uchun muhim imkoniyatdir

Sentabr 07, 2026. 08:10 • 2 daq

196
“Politika”: O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga bo‘lajak tashrifi siyosiy muloqotni amaliy loyihalarga aylantirish uchun muhim imkoniyatdir

BELGRAD, 7-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Serbiyaning “Politika” portalida “O‘zbekiston Prezidenti Serbiyaga kelmoqda: kun tartibida “Air Serbia” to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlari va yangi loyihalar” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga bo‘lajak rasmiy tashrifi erishilgan siyosiy muloqot hamda Toshkent va Belgrad o‘rtasidagi munosabatlarning shakllangan institutsional asosini iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, taʼlim va gumanitar loyihalarga aylantirish uchun muhim imkoniyatdir.

Ikki davlat o‘rtasida o‘zaro savdoni kengaytirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga yo‘naltirilgan qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yetarlicha shart-sharoit mavjud.

Xususan, O‘zbekistonning to‘qimachilik, kimyo sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va mashinasozlik sohalaridagi o‘sib borayotgan sanoat salohiyati Serbiyaning ishlab chiqarish tajribasi, uning Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish imkoniyati va keng qamrovli erkin savdo bitimlari tarmog‘i bilan uyg‘unlashi mumkin.

Materialda hamkorlikning keyingi bosqichi sifatida ikki tomonlama savdoning nisbatan kichik hajmlaridan uzoq muddatli sanoat va sarmoyaviy sheriklikka o‘tishi keltirilgan. Jumladan, o‘zbek eksporti turlarini kengaytirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish va yanada qulay savdo mexanizmlarini izlash taklif qilinmoqda.

Shuningdek, mehnat mobilligi sohasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekistonning tashqi mehnat migratsiyasi borasidagi tajribasi hamda Serbiya bilan shunday mexanizmni shakllantirish imkoniyati qayd etilgan.

Bu ishga joylashishning shaffof kanallarini taʼminlash, mehnat huquqlari himoyasini kuchaytirish va ikki mamlakat o‘rtasida ishchi kuchining tartibga solingan harakatchanligiga yordam beradi.

Taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratilgan. 2025-yil oktyabr oyida imzolangan hukumatlararo bitim munosabati bilan o‘zbekistonlik talabalarning “Serbiyada tinchlik” dasturida keng ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning 215 ta universiteti va Serbiya oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida muhandislik, axborot texnologiyalari va amaliy fanlar sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati mavjudligi taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish