“Belarus” jurnali: O‘zbekiston va Belarus do‘stlik va ishonch muhitida yuqori hamkorlik dasturini amalga oshirmoqda
Oktabr 13, 2026. 12:00 • 2 daq
• 196MINSK, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Minskda ingliz tilida nashr etiluvchi xalqaro “Belarus” jurnalida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan hamkorlik munosabatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Belarus uchun Markaziy Osiyodagi eng muhim va ishonchli hamkorlardan biri hisoblanadi. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 855 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, tomonlar bu ko‘rsatkichni 2030-yilga borib 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganlar.
Jurnalda ta’kidlanishicha, Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi doirasida Aleksandr Lukashenko bilan o‘tkazgan muzokaralari muhim voqea bo‘ldi. Ushbu uchrashuvning asosiy natijasi Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi hisoblanadi.
Iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishi sifatida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ko‘rsatilgan. Xususan, O‘zbekistonda MTZ Belarus traktorlarini yig‘ish va mahalliylashtirish ishlari boshlangan. Bir yil ichida qariyb 1300 ta traktor yig‘ilgan bo‘lib, kelgusida bu ko‘rsatkichni yiliga 3000 donaga yetkazish rejalashtirilgan. Toshkent viloyatida to‘liq sikldagi parrandachilik fabrikasi tashkil etilgan, shuningdek, o‘zbekistonlik investorlarga Belarusning Vitebsk viloyatida qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish taklif qilinmoqda.
Nashrda bu hamkorlik faqat iqtisodiyot bilan chegaralanib qolmasdan, tibbiyot, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda ham rivojlanib borayotgani qayd etilgan. O‘zaro aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish maqsadida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

