O‘zbekiston Prezidentining MDH sammitidagi nutqi Misr OAVda keng yoritildi
Oktabr 12, 2026. 19:30 • 2 daq
• 139QOHIRA, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Misrning yetakchi ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqiga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Xususan, «Elbalad», «Maspero» va «Gate Ahram» nashrlarining yozishicha, davlatimiz rahbari o‘z nutqida o‘zgarib borayotgan dunyo va kuchayib borayotgan taranglik sharoitida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va yondashuvlarni muvofiqlashtirish muhimligini ta’kidlagan.
Shavkat Mirziyoyev oddiy tovar ayirboshlashdan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini birgalikda yaratishga bosqichma-bosqich o‘tish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olishni ta’minlash hamda davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishni taklif qilgan.
Shuningdek, oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportiga cheklovlar kiritishdan oldin xabardor qilish va maslahatlashuvlar o‘tkazish mexanizmini joriy etish tashabbusi alohida qayd etilgan.
«Almontasaf» nashrida qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Turkmanistonning Hamdo‘stlikdagi raisligini yuqori baholab, MDH tashkil topganining-35-yilligi bilan tabriklagan. Nashr maxsus iqtisodiy zonalarni yagona tarmoqqa birlashtirish, logistika markazlari va yagona transport axborot tizimini yaratish, 2029-yilni MDHda Transport bog‘liqligi yili deb e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratgan.
Maqolada energetika bog‘liqligining uzoq muddatli konsepsiyasini ishlab chiqish, aylanma iqtisodiyot va Gumanitar hamkorlik davlatlararo fondi faoliyatini kengaytirish, Madaniyat siyosati va ijodiy industriyalar forumi hamda Xivada MDH Yoshlar forumini o‘tkazish taklif qilingani ta’kidlangan.
«Al Diplomacy» jurnalida chop etilgan «Ashxoboddan Buxoroga qadar» sarlavhali maqolada ushbu nutq MDHni umumiy tarix birlashtirib turuvchi tuzilmadan iqtisodiy, texnologik va insoniy integratsiya makoniga aylantirish konsepsiyasi sifatida baholangan. Shuningdek, Kengashning navbatdagi majlisini o‘tkazish uchun Buxoro shahrining tanlanishi ramziy ma’noga ega ekani qayd etilgan.
«Eldameer» va «Alawstelalamianews» nashrlarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy integratsiya, sanoat kooperatsiyasi hamda Hamdo‘stlik mamlakatlarining maxsus iqtisodiy zonalarini yagona tarmoqqa birlashtirishga qaratilgan tashabbuslari keng yoritilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




