“Al-Khaleej” gazetasi: O‘zbekiston Prezidentining O‘monga tashrifi savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada kengaytiradi

Noyabr 16, 2026. 17:00 • 2 daq

• 162
“Al-Khaleej” gazetasi: O‘zbekiston Prezidentining O‘monga tashrifi savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada kengaytiradi

AL-KUVAYT, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Quvaytning “Al-Khaleej” gazetasida “O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni mustahkamlash maqsadida O‘mon Sultonligiga davlat tashrifini boshlaydi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning taklifiga binoan 16–17-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Maskat shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar, yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, qator qo‘shma iqtisodiy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish, savdo, investitsiyalar hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, madaniy-gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish mexanizmlari ko‘rib chiqiladi.

Nashrda ta’kidlanishicha, muzokaralar yakunida turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qator ikki tomonlama hujjatlar, bitimlar hamda o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolanishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish