O‘zbekiston Prezidenti elektrotexnika sanoatini texnologik jihatdan yangi bosqichga olib chiqish vazifalarini belgiladi

Noyabr 09, 2026. 14:45 • 6 daq

• 23
O‘zbekiston Prezidenti elektrotexnika sanoatini texnologik jihatdan yangi bosqichga olib chiqish vazifalarini belgiladi

TOSHKЕNT, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun elektrotexnika sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va xorijlik investorlar bilan muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda sohada erishilgan natijalar sarhisob qilinib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Qayd etilganidek, so‘nggi o‘n yilda mamlakatimiz elektrotexnika sanoatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Tarmoqqa 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Maishiy texnika, quyosh panellari, elektron hisoblagichlar, yuqori kuchlanishli transformatorlar kabi 100 dan ortiq turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Natijada joriy yilda elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 50 trillion so‘mga yetdi. Vaholanki, 2016-yilda mazkur ko‘rsatkich 1,7 trillion so‘mni tashkil etgan. Tarmoqqa jalb qilingan yillik investitsiyalar 600 million dollarga, eksport hajmi esa 1 milliard 600 million dollarga yetkazildi. O‘tgan davrda eksport 14 barobar oshdi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari mavjud salohiyat va imkoniyatlardan hali to‘liq foydalanilmayotganini ta’kidladi.

Yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash quvvatlari, yirik sanoat va infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda. Kelgusi o‘n yilda xorijlik hamkorlar bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 450 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan. Bularning barchasi elektrotexnika mahsulotlari uchun katta va uzoq muddatli bozorni shakllantirmoqda.

Prezidentimiz tarmoq oldidagi navbatdagi asosiy vazifa ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish bilan cheklanmasdan, katta texnologik sakrashni amalga oshirishdan iborat ekanini ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, 2030-yilgacha mamlakatimizda energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Xorijlik hamkorlar ushbu loyihalarda mahalliy mahsulotlardan foydalanishga tayyor. Biroq ayrim zarur uskunalar hozircha o‘zimizda ishlab chiqarilmayapti.

Shuningdek, videokuzatuv uskunalariga ichki bozordagi yillik talab 200 million dollarga yetadi, qo‘shni mamlakatlar bozorini hisobga olganda esa 600 million dollardan oshadi. Bankomatlarga ham ehtiyoj yuqori. O‘tgan yilning o‘zida yurtimizga 50 million dollardan ortiq qiymatdagi 9 mingta bankomat import qilingan.

Shu bois, ushbu yo‘nalishlarda mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish, yangi texnologiyalar va investorlarni jalb qilish vazifalari belgilandi.

Hududlar kesimida ham yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Jumladan, Toshkent viloyatida energiya batareyalari va elektronika uchun yupqa mis folgasi, Jizzaxda elektromobillar uchun invertorlar va zaryadlash qurilmalari, Namanganda energiya tejamkor elektr dvigatellari, Qoraqalpog‘istonda serverlar uchun uzluksiz elektr ta’minoti va sovitish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Andijonda ofis texnikalari va tayyor kabel to‘plamlari, Toshkent shahrida serverlar, interaktiv panellar va sensorli datchiklar, Qashqadaryoda televizorlar uchun elektron platalar ishlab chiqarish imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bunday loyihalar hisobiga ichki bozor talabini qondirish bilan birga elektrotexnika mahsulotlarining eksportini 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi.

Bu borada tarmoqni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari belgilandi.

Keyingi uch yilda elektrotexnika va unga bog‘liq sanoat tarmoqlarida umumiy qiymati 11 milliard 600 million dollarlik 164 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ular energetika infratuzilmasi, kabel, transformator va nasoslar ishlab chiqarish, sanoat robototexnikasi va uskunasozlik, transport va elektromobillar uchun elektrotexnika, elektron komponentlar va mikroelektronika hamda maishiy texnika kabi oltita asosiy yo‘nalishni qamrab oladi.

Har bir yo‘nalishga mas’ul rahbarlar va asosiy buyurtmachilar biriktirilib, tayanch investorlarni jalb qilish, ilmiy markazlar hamda texnika oliygohlari bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Yuqori texnologik sanoatni rivojlantirish maqsadida Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etiladi.

Ushbu markazda faoliyat yurituvchi korxonalarga IT-park rezidentlari bilan bir xil imtiyozlar beriladi. Robotlar, elektronika va texnologik uskunalar ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo hamda butlovchi qismlar import bojidan ozod etiladi. Mazkur yo‘nalishdagi ilmiy ishlanmalardan olingan daromadga soliq solinmaydi.

Ilmiy tadqiqotlar va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun “Yangi sanoat” milliy platformasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, har bir hududda tadqiqot va ishlanmalar markazi yoki texnopark negizida yangi mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish maydonchalari tashkil etiladi. Ular yirik sanoat korxonalari bilan kichik tadbirkorlar o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirishga xizmat qiladi.

Mutasaddilarga robototexnikani rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini hamda uskunasozlik va elektronika tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini tayyorlash topshirildi.

Muloqotda sanoatni texnologik rivojlantirishning muhim sharti bo‘lgan muhandislik ta’limi va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Hozirda texnika oliygohlarining 20 nafar talaba va tadqiqotchisi Koreyadagi elektronika korxonalarida tahsil olmoqda. Yaqin vaqtda ularning soni 100 nafarga yetkaziladi.

Kelgusi yildan “1 ming muhandis-konstruktor” dasturi boshlanadi. Uning doirasida mahalliy mutaxassislar Koreya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga malaka oshirish uchun yuboriladi. Nufuzli xorijiy kompaniyalarda ishlayotgan yuqori malakali vatandoshlarimizni mamlakatimizga jalb qilish uchun munosib mehnat va ish haqi sharoitlari yaratiladi.

Tadbirda soha korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, qator mahalliy elektrotexnika korxonalari o‘z loyihalari uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 80 million dollar jalb qilgan. Bank sanoat korxonalariga yana 2-3 milliard dollar resurs ajratishga tayyorligini bildirmoqda.

Ushbu imkoniyatdan keng foydalanish maqsadida korxonalarni xalqaro moliya bozorlari bilan ishlashga tayyorlash, ularning faoliyatini baholash va xalqaro konsultantlarni jalb etish xarajatlarini qoplash bo‘yicha yangi qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Xususan, har bir korxonaga 50 ming dollargacha kompensatsiya ajratiladi.

Davlat xaridlari tizimida ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bugungi kunda davlat xaridlari doirasida har yili 10 trillion so‘mlik elektrotexnika mahsulotlari sotib olinmoqda. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida davlat buyurtmalarini yagona platformada aks ettirish tizimi joriy qilindi. Endi 1-yanvardan davlat xaridlarining uch yillik rejalari oldindan e’lon qilib boriladi.

Shu bilan birga, davlat xaridlarida mahsulotni faqat eng arzon narx asosida tanlash amaliyotidan voz kechib, uning butun xizmat muddati davomidagi xarajatlarni hisobga olish tizimi joriy etiladi. Bunda mahsulotning xarid narxi bilan bir qatorda energiya sarfi, ta’mirlash, servis va foydalanish xarajatlari ham baholanadi.

Energetika obyektlarini qurishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” platformasida mazkur soha loyihalari uchun alohida maydoncha tashkil etiladi, pudratchilarga qo‘yiladigan talablar loyihalarning texnologik xususiyatlariga moslashtiriladi.

Ichki bozorda mahalliy elektrotexnika mahsulotlariga talabni rag‘batlantirish bo‘yicha ham yangi mexanizmlar belgilandi.

Energetika sohasidagi xususiy sheriklik loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 25 foiz, kabel mahsulotlari bo‘yicha esa 70 foiz bo‘lishi talabi amal qilmoqda. Endilikda alohida soliq va boshqa imtiyozlardan foydalanayotgan yoki davlatdan arzon resurs olayotgan, qiymati 10 million dollardan yuqori investitsiya loyihalariga ham ushbu talablar tatbiq etiladi.

Aholi uchun qulaylik yaratish va mahalliy maishiy texnika savdosini rag‘batlantirish maqsadida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalar xaridi uchun yillik 18 foiz stavkada iste’mol kreditlari ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari muloqot davomida xorijlik investorlar va mahalliy tadbirkorlarning elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini tingladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish