Logo

“Rzeczpospolita”: Toshkent investitsiya forumi xalqaro sarmoyalar kelishiladigan markazga aylanadi

Aprel 22, 2026. 18:59 • 2 daq

276
“Rzeczpospolita”: Toshkent investitsiya forumi xalqaro sarmoyalar kelishiladigan markazga aylanadi

VARSHAVA, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Rzeczpospolita” gazetasida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro investitsiya forumi hamda O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, xorijiy investorlar qatnashadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Forum davomida arbitraj markazini tashkil etish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan soliq imtiyozlarini joriy etish yuzasidan fikr-mulohazalar almashiladi.

Nashrda forum kun tartibi, energetika, logistika yo‘laklarini rivojlantirish, moliyaviy infratuzilma va muqobil investitsiya fondlarini tartibga solish bo‘yicha ham maʼlumotlar keltirilgan. Bu xalqaro tadbir nafaqat shartnomalar imzolash maydoniga, balki investitsiya loyihalarini amalga oshirish vositasiga ham aylanishi belgilangan.

Materialda Polsha–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik aloqalarining rivojlanish bosqichlari haqida ham alohida so‘z yuritilgan. Transport, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik kengayib borayotgani, Polsha mahsulotlari, jumladan, farmatsevtika mahsulotlari va sanoat uskunalari hajmi ortib borayotgani qayd etilgan.

Polsha kompaniyalari O‘zbekistonni demografik salohiyati, investitsiyaviy ochiqligi va keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlari tufayli Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli bozorlardan biri sifatida ko‘rmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish