“Mahalla yettiligi” tajribasi YXHT maydonida e’tirof etildi

Oktabr 02, 2026. 15:00 • 2 daq

• 19
“Mahalla yettiligi” tajribasi YXHT maydonida e’tirof etildi
“Mahalla yettiligi” tajribasi YXHT maydonida e’tirof etildi
“Mahalla yettiligi” tajribasi YXHT maydonida e’tirof etildi

VЕNA, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. Avstriya poytaxtida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy muvofiqlashtiruvchilari va ma’ruzachilari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekistonning Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi a’zolaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda.

Yig‘ilish doirasida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokida odam savdosining oldini olishga bag‘ishlangan mintaqaviy davra suhbati tashkil etildi. 

Muhokamalar chog‘ida mintaqa mamlakatlarida milliy tizimlarni takomillashtirish, mavjud muammolar va hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tadbirda O‘zbekistonda mahalla darajasida shakllantirilgan inson huquqlarini himoya qilish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish mexanizmlari alohida taqdim etildi. 

Xususan, hududiy komissiyalar faoliyati, shuningdek, “mahalla yettiligi” tizimining aholi bilan bevosita ishlash, ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi shaxslar va oilalarni erta aniqlash hamda ularning muammolarini manzilli hal etishdagi imkoniyatlari katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekistonning mahalla darajasida odam savdosining oldini olish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini o‘zaro uyg‘unlashtirishga qaratilgan amaliy tajribasi YXHTga a’zo davlatlar tomonidan yuqori baholandi. 

Ishtirokchilar mazkur kompleks yondashuv nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki keng YXHT makoni uchun ham muhim profilaktika mexanizmi ekanini ta’kidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish