Vashingtonda O‘zbek-amerika transport-logistika hamkorligi forumi bo‘lib o‘tdi
Oktabr 02, 2026. 17:00 • 2 daq
• 22
VASHINGTON, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. AQSh poytaxtida ilk bor Transport va logistika masalalariga bag‘ishlangan O‘zbek-amerika forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi va “IT Park Uzbekistan” hamkorligida o‘tkazildi. Forumda Amerikada faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ta’sis etilgan 70 dan ortiq transport, logistika, treking, dispetcherlik va BPO-kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida «IT Park Uzbekistan» rezident kompaniyalari umumiy eksportining 54 foizi AQSh bozoriga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi. Ayni paytda “IT Park”ning 550 dan ortiq rezidenti Amerika kompaniyalariga xizmat ko‘rsatib, 16 mingdan ziyod mutaxassisning bandligini ta’minlamoqda. 2025 yilda AQShga xizmatlar eksport hajmi 320 million dollarni tashkil etgan.
Anjumanda AQShdagi o‘zbek tadbirkorlari tomonidan yaratilgan transport kompaniyalari katta amaliy tajriba va yuqori iqtisodiy salohiyat to‘plagani qayd etildi. Shu bois, ularning salohiyatini O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlarini yaratish, boshqaruv va logistikaning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish, BPO-xizmatlarni rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, AQSh kompaniyalarining ayrim operatsion funksiyalarini – dispetcherlik xizmatlari, kol-markazlar, bek-ofis, buxgalteriya hamda IT yo‘nalishlarini O‘zbekistonda joylashtirish imkoniyatlari taqdim qilindi. Bu Amerika kompaniyalariga xarajatlarni maqbullashtirish, O‘zbekistonda esa yangi ish o‘rinlarini yaratish va xizmatlar eksportini oshirish imkonini beradi.
Forum doirasida transport-kompaniyalari faoliyati barqarorligini ta’minlash, zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy etish hamda huquqiy va operatsion xavflarni kamaytirishga bag‘ishlangan alohida interaktiv sessiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, kiberxavfsizlikni ta’minlash, ichki xavfsizlik choralarini kuchaytirish va xodimlarning malakasini muntazam oshirib borish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir natijasida AQShda faoliyat yuritayotgan transport va logistika kompaniyalarini birlashtiruvchi Professional assotsiatsiya tuzish tashabbusi ilgari surildi. Bundan tashqari, AQSh bozoriga BPO- va autsorsing xizmatlari eksportini kengaytirish, Amerika logistika kompaniyalarining operatsion funksiyalarini O‘zbekistonga joylashtirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi