“The Times” gazetasi Toshkentni britaniyaliklar uchun tavsiya etiladigan sayyohlik yo‘nalishlari qatoriga kiritdi

Noyabr 05, 2026. 17:40 • 2 daq

• 57
“The Times” gazetasi Toshkentni britaniyaliklar uchun tavsiya etiladigan sayyohlik yo‘nalishlari qatoriga kiritdi

LONDON, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “The Times” nashri Toshkent haqida maxsus maqola e’lon qilib, O‘zbekiston poytaxtini mazmunli vaqt o‘tkazishga arziydigan sayyohlik yo‘nalishi sifatida e’tirof etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi, jurnalist Kler Bubbayer Toshkent shahridagi tarixiy meros va zamonaviy madaniy hayot uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratgan. U asosiy diqqatga sazovor joylar qatorida 2026-yilda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Zamonaviy san’at markazi, Amaliy san’at muzeyi hamda mashhur Chorsu bozorini e’tirof etgan.

Toshkent me’morchiligi, jumladan, o‘ziga xos bezatilgan metro bekatlari, modernizm uslubidagi binolar va tarixiy shahar maskanlari alohida qayd etilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtdagi modernizm uslubiga oid o‘nta arxitektura obyekti YUNЕSKOning Butunjahon merosi maqomini olgan.

“O‘zbekiston sayohatchilar tomonidan Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab safar davomida shunchaki yo‘l-yo‘lakay to‘xtab o‘tishdan ko‘ra, ko‘proq e’tibor qaratilishiga munosibdir”, — deya ta’kidlagan Kler Bubbayer Toshkent haqida fikr bildirar ekan.

Milliy oshxona ham e’tibordan chetda qolmagan. Britaniyalik sayyohlarga manti, lag‘mon va palovning turli hududlarga xos turlarini tatib ko‘rish tavsiya etilgan. Muallif gastronomik manzillar orasida o‘zbek oshxonasi an’analari bilan tanishish hamda ulkan qozonlarda osh damlanishini tomosha qilish mumkin bo‘lgan “Afsona” va “Beshqozon” restoranlarini alohida ko‘rsatgan.

Maqolada poytaxtda tunab qolish uchun “Farovon Tashkent”, “Sapiens Hotel”, “Swissôtel Tashkent” kabi mehmonxonalar tavsiya qilingan. Safarning afzalliklari qatorida “Uzbekistan Airways” va “Qanot Sharq” aviakompaniyalari tomonidan Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan.

“The Times” maqolasi Toshkentni nafaqat Samarqand, Buxoro va Xiva bilan tanishish uchun boshlang‘ich nuqta sifatida, balki zamonaviy madaniy hayoti, betakror me’morchiligi, gastronomiyasi va boy tarixiy merosi bilan o‘ziga xos sayyohlik jozibasiga ega shahar sifatida ham namoyon etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish