O‘zbekiston tashabbuslari turkiy dunyo integratsiyasiga yangi sur’at bag‘ishlaydi

Noyabr 04, 2026. 18:00 • 2 daq

• 188
O‘zbekiston tashabbuslari turkiy dunyo integratsiyasiga yangi sur’at bag‘ishlaydi

BOKU, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonning “Ədəbiyyat və incəsənət” (“Adabiyot va san’at”) nashrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan XIII sammitida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslar haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, Yevroosiyoning strategik muhim hududida joylashgan turkiy davlatlar ulkan iqtisodiy va tranzit salohiyatiga ega. Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish, ayniqsa, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi transport yo‘laklarini rivojlantirish tashkilotning ustuvor vazifalaridan biridir.

Muallif O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitda turkiy davlatlar o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash va tashkilot faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surganiga e’tibor qaratgan.

Xususan, O‘zbekiston rahbari uchinchi mamlakatlar bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida “Turkiy davlatlar tashkiloti plyus” (TDT+) formatiga asos solishni taklif etgani qayd etilgan. Shuningdek, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, tijorat masalalari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam mexanizmlarini takomillashtirish va elektron hujjat almashinuvi platformasini yaratish bo‘yicha tashabbuslarga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekistonning 2027-yilni TDT doirasida “Tabiatni muhofaza qilish yili” deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan. Bu ekologik hamkorlikni kengaytirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga yangi sur’at bag‘ishlashi kutilmoqda.

Nashrda O‘zbekiston vakili Mirvohid Azimovning tashkilot Bosh kotibi lavozimiga nomzodi qo‘llab-quvvatlangani hamda TDTning navbatdagi sammitini 2027-yilda yurtimizda o‘tkazishga qaror qilingani alohida e’tirof etilgan.

“Anqara sammiti turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va mintaqaviy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyatlar yaratdi”, – deya xulosa qilgan Ozarbayjon nashri.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish