“Konya‘nın Sesi”: Qardoshlik – faqat o‘tmishni eslash emas, balki kelajakni ham birga qurishdir
Avgust 29, 2026. 12:56 • 2 daq
• 120
ANQARA, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Konya‘nın Sesi” (“Konya ovozi”) nashrida taniqli jurnalist Yilmaz Sandikchining “O‘zbekistondan salomlar” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada jurnalistning Toshkent va Samarqandga amalga oshirgan sayohatlari davomida ko‘rgan-kechirganlari, safari chog‘ida olgan taassurotlari bayon etilgan.
Muallifning yozishicha, u 2024-yilda oilasi bilan ajdodlar yurti – O‘zbekistonga sayohat qilgan. O‘sha paytda o‘z taassurotlarini qog‘ozga tushirishga ulgurmagan. Bu safar esa kuzatuvlarini o‘quvchilar bilan baham ko‘rishga qaror qilgan.
Maqolaning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, muallif uchun Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqinlik faqat geografik yoki siyosiy xususiyatga ega emas. Bu yaqinlik, avvalo, umumiy tarix, til va madaniyatga asoslangan.
Materialda milliy o‘zlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Muallif millatni sevishni insonga xos tabiiy tuyg‘u sifatida baholaydi. Irqchilik esa boshqalarni kamsitish va o‘zini ustun qo‘yish bilan bog‘liq ekanini taʼkidlaydi.
Nashrda qayd etilishicha, 2026-yil may oyida Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 100 dan ziyod mamlakatdan minglab ishtirokchilar qatnashdi. Iyun oyida Samarqandda o‘tkazilgan yirik startaplar va investorlarni birlashtirgan “Take Off Samarkand 2026” tadbiri ham yuksak saviyada tashkil etilgan.
Qadimda Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim chorrahalaridan biri bo‘lgan Samarqand bugun ham savdo, investitsiya va iqtisodiy aloqalar markaziga aylanmoqda.
Jurnalist O‘zbekistonning 38 millionlik aholisi, yosh mehnat resurslari, tabiiy boyliklari, rivojlanayotgan sanoati va Markaziy Osiyodagi qulay geografik o‘rniga alohida eʼtibor qaratgan. Uning fikricha, ushbu omillar mamlakatning iqtisodiy salohiyati va mintaqadagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Yilmaz Sandikchining taʼkidlashicha, qardoshlik – faqat o‘tmishni birga eslash emas, balki kelajakni ham birga qurishdir. Bu maqsad yo‘lida birgalikda, hamjihatlik bilan harakat qilish lozim.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi