“Kitay” jurnali: Iqtisodiy hamkorlik O‘zbekistonning ShHTdagi ishtirokining asosiy yo‘nalishlaridan biridir
Avgust 31, 2026. 15:09 • 2 daq
• 12
PEKIN, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “Kitay” jurnali sahifalarida “O‘zbekistonning ShHTdagi o‘rni: iqtisodiyot, xavfsizlik va mintaqaviy kooperatsiya” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha O‘zbekiston Tashkilot faoliyatiga salmoqli amaliy hissa qo‘shib kelmoqda. Mamlakat ShHTga to‘rt marta raislik qilib, Toshkent va Samarqand shaharlarida Davlat rahbarlari sammitlarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan.
Hozirgi bosqichda O‘zbekiston xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat va texnologik kooperatsiya, madaniy-gumanitar aloqalar hamda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik masalalariga eʼtibor qaratib, tuzilmaning dolzarb kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etmoqda.
Jurnalning yozishicha, iqtisodiy hamkorlik O‘zbekistonning ShHTdagi ishtirokining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Toshkent uchun Tashkilot, eng avvalo, savdoni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishonchli transport-logistika aloqalarini shakllantirish uchun samarali maydon hisoblanadi.
O‘zbekistonning ShHTga aʼzo mamlakatlar bilan savdo aloqalari ko‘lami sezilarli darajada ortmoqda. 2025 yilda mamlakat tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetib, bir yilda 20,7 foizga o‘sdi. Tashqi savdoning qariyb 43 foizi eng yirik sheriklar — Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Maqolada iqtisodiy sheriklik bilan bir qatorda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham O‘zbekistonning ShHTdagi muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolayotgani alohida qayd etilgan.
Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, ShHTdagi amaliy kooperatsiya faqat iqtisodiyot, xavfsizlik yoki iqlim masalalari bilan cheklanib qolmaydi. Uning uzoq muddatli barqarorligi aʼzo mamlakatlar jamiyatlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarga bog‘liq. O‘zbekiston ShHTning ko‘p millatli oilasining boy merosini ommalashtiradigan, o‘zaro tushunish va yaxshi qo‘shnichilik poydevorini mustahkamlaydigan festivallar, forumlar va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali gumanitar muloqotni kengaytirish tarafdoridir.
Umuman olganda, ShHTdagi chorak asrlik ishtiroki davomida O‘zbekiston Tashkilotni muloqot maydonidan amaliy sheriklikning taʼsirchan mexanizmiga aylantirishga ko‘maklashib, mintaqaviy kun tartibining asosiy arxitektorlaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamladi.
“Toshkent tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar amaliy xususiyatga ega bo‘lib, barcha ishtirokchi davlatlarning tub manfaatlariga to‘liq javob beradi,- deb yozilgan “Kitay” jurnalida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi