O‘zbekiston Prezidentining Iordaniyaga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi

Noyabr 28, 2026. 09:10 • 3 daq

• 158
O‘zbekiston Prezidentining Iordaniyaga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi
O‘zbekiston Prezidentining Iordaniyaga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi
O‘zbekiston Prezidentining Iordaniyaga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi
O‘zbekiston Prezidentining Iordaniyaga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi

AMMON, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga davlat tashrifi va uning doirasida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar Iordaniya ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatning yetakchi nashrlari tashrifni ikki davlat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bergan muhim siyosiy va iqtisodiy voqea sifatida baholab, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiya, sanoat, farmatsevtika, turizm va transport sohalaridagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.

“Al Rai” gazetasida e’lon qilingan maqolada tashrifning iqtisodiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Nashr ekspertlar fikrlariga tayanib, O‘zbekiston bozori iordaniyalik ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyatlar ochishini ta’kidlaydi.

Xususan, 2024-yilda O‘zbekistonning Iordaniyada ishlab chiqariladigan tovar guruhlari bo‘yicha importi 2,28 milliard dollarga yetgani, biroq Iordaniya eksporti atigi 741 ming dollarni tashkil etgani qayd etilgan.

Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim ushbu tafovutni qisqartirish va iordaniyalik eksportchilar mavqeini mustahkamlash vositasi sifatida baholangan. Shuningdek, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari, logistika va farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rsatib o‘tilgan.

Ushbu nashrning yana bir tahliliy maqolasida ikki davlat munosabatlarining siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy jihatlari yoritilgan. Unda tashrif doirasida 18 ta kelishuv va anglashuv memorandumi imzolangani, O‘zbekiston tomoni Iordaniyada umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan qariyb 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish niyatini bildirgani qayd etilgan.

“Alwakaai” nashrining “O‘zbekistondan sovg‘a: Al-Husayniya saroyidagi yog‘och ayvon tarixi” sarlavhali maqolasi ikki xalq o‘rtasidagi madaniy do‘stlik ramziga bag‘ishlangan. Unda O‘zbekiston tomonidan Iordaniya Podshohi Abdulla IIning 2025-yil avgust oyidagi tashrifi munosabati bilan sovg‘a qilingan an’anaviy uslubdagi yog‘och ayvon haqida so‘z boradi.

O‘zbek hunarmandlari tomonidan yasalgan mazkur inshoot milliy me’morchilik, nafis yog‘och o‘ymakorligi va naqsh san’atini o‘zida mujassam etgan. Ayvonda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II uchrashuvi o‘tkazilgani uning ramziy ahamiyatini yanada oshirgan.

“Ammon News” axborot agentligida e’lon qilingan maqolada turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar haqida so‘z yuritilgan. Materialda iordaniyalik tadbirkor Amjad al-Muslimoniyning “Dallas” turistik kompaniyasi tomonidan Toshkentga haftasiga bir marta charter reyslarini tashkil etish rejasi haqidagi ma’lumoti keltirilgan. O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, Samarqand va Buxoro kabi sayyohlik maskanlari iordaniyalik sayyohlar uchun jozibador yo‘nalish sifatida e’tirof etilgan.

“Jordan Zad” portali “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Podshoh mehmoni” sarlavhali maqolasida tashrifning keng geosiyosiy mazmunini tahlil qilgan. Nashr O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik o‘rni, tashqi siyosatda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish siyosati va Iordaniya bilan yaqinlashuvining mintaqaviy ahamiyatini ochib bergan.

Mazkur portalda chop etilgan yana bir maqolada Iordaniya dori vositalari ishlab chiqaruvchilari uyushmasi raisi Xolid Harbning fikrlari keltirilgan. Materialda tayyor dori vositalarini eksport qilish bilan bir qatorda texnologiyalar transferi, qo‘shma ishlab chiqarish va malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari ham muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.

Iordaniya ommaviy axborot vositalaridagi materiallar O‘zbekiston bilan hamkorlikka nisbatan katta qiziqish va ijobiy munosabat mavjudligini ko‘rsatadi. Nashrlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning muhim iqtisodiy va transport markazi, istiqbolli investitsiya bozori hamda arab mamlakatlari bilan mintaqaviy aloqalarni kengaytirishda ishonchli hamkor sifatida talqin qilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining Iordaniyaga davlat tashrifi va uning doirasida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar hamda erishilgan kelishuvlar xalqaro ommaviy axborot vositalarida hamon keng muhokama qilinmoqda. Eng muhimi, Iordaniyaning nafuzli va ommabop nashrlarida tashrifning siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy ahamiyati, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari alohida e’tirof etilmoqda. 

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish