“AJP”: O‘zbekiston–Tojikiston sherikligida yangi sahifa ochilmoqda
Mart 30, 2026. 15:23 • 2 daq
• 165
SEUL, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlaridan biri – “AJP” gazetasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 26–27-mart kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Ushbu tashrif mintaqaviy diplomatiyada yangi bosqichni boshlab berdi.
Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazildi, shuningdek, ikki mamlakat yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Emomalӣ Rahmon “Strategik hamkorlik va ittifoqdosh munosabatlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma bayonot”ni imzolagan. 2024-yildagi Ittifoqdoshlik to‘g‘risidagi shartnomaga asoslangan mazkur hujjat ilgari mavjud bo‘lgan mintaqaviy ziddiyatlarni ortda qoldirib, to‘liq integratsiya yo‘liga o‘tilganini anglatadi.
Nashrda qayd etilishicha, muzokaralar davomida iqtisodiy hamkorlik asosiy eʼtibor markazida bo‘ldi. 2025-yil yakuniga kelib ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 912 million dollarga yetgan.
Tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilib, mavjud, ammo to‘liq ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini tahlil qilgan. O‘zaro manfaatli O‘zbekiston–Tojikiston hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Tashrifning muhim jihatlaridan biri 10 ta yirik qo‘shma loyihaning boshlangani bo‘ldi. Unga ko‘ra, Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika ishlab chiqarishni kengaytirish hamda to‘qimachilik quvvatlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Toshkentda turar joy majmualari va savdo obyektlarini qurish, Farg‘ona viloyatida esa konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlarda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va yaqinlik aloqalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi