“CAWA Media” AA: O‘zbekiston kelgusi o‘n yillik taraqqiyoti uchun aniq ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldi
Sentabr 03, 2026. 22:00 • 2 daq
• 118
STOKGOLM, 3-sentabr. /“Dunyo” AA/. Shvetsiyaning “CAWA Media” axborot agentligida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat taraqqiyotining kelgusi bosqichiga bag‘ishlangan nutqi haqida axborot maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materialda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, qo‘shni davlatlar bilan aloqalar, moliya, soliq, bojxona va investitsiya siyosatidagi ijobiy o‘zgarishlar alohida e’tirof etilgan. Nashr investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshgani, kambag‘allik darajasi so‘nggi 9 yilda 35 foizdan 4 foizga tushgani, shuningdek, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida tub o‘zgarishlar amalga oshirilganiga e’tibor qaratgan.
“CAWA Media” Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ettita milliy dasturni mamlakatning kelgusi o‘n yillik taraqqiyoti uchun muhim “yo‘l xaritasi” sifatida baholagan. Ushbu dasturlarda bilim va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalarga asoslangan modelga o‘tkazish, suv resurslaridan samarali foydalanish, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlash, mahallalar rolini oshirish hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash kabi ustuvor vazifalar belgilangani aytib o‘tilgan.
Maqolada O‘zbekiston tashqi siyosatda muvozanatli yo‘nalishni davom ettirishi, iqtisodiy diplomatiya ustuvor ahamiyat kasb etishi va mamlakatning 2027–2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishi alohida qayd etilgan. Shvetsiya nashrining xulosa qilishicha, O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyot bosqichida asosiy e’tibor iqtisodiy o‘sish sifati, inson kapitali, zamonaviy texnologiyalar, samarali institutlar va ekologik barqarorlikka qaratilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi