Dunay daryosining sayozlashishi Vengriya, Ruminiya va Serbiyada elektr energiyasi ishlab chiqarish kamayishiga olib kelmoqda

Avgust 03, 2026. 17:05 • 3 daq

42
Dunay daryosining sayozlashishi Vengriya, Ruminiya va Serbiyada elektr energiyasi ishlab chiqarish kamayishiga olib kelmoqda
“BBC”surati

TOSHKENT, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. Vengriyada 44 yillik faoliyati davomida ilk bor mamlakat elektr energiyasi ishlab chiqarishining deyarli yarmini taʼminlaydigan “Paksh” atom elektr stansiyasini to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC” axborot portaliga tayanib.

Bunday misli ko‘rilmagan qarorga reaktorlarni sovitish uchun zarur bo‘lgan suv tanqisligi sabab bo‘lgan. Stansiya faoliyati to‘xtatilishidan avval o‘zining loyihaviy quvvatining atigi 10 foizida ishlayotgan edi.

Vengriya Bosh vaziri Peter Madyarning aytishicha, havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani sababli, mamlakatni bir necha og‘ir kunlar kutmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, AES faoliyatining to‘xtatilishi milliy energetika tizimiga tushadigan yuklamani sezilarli darajada oshiradi va elektr energiyasi isteʼmolini cheklash bo‘yicha choralar ko‘rishni taqozo etadi.

Hukumat allaqachon bir qator yirik sanoat korxonalari, jumladan, “MOL” neft kompaniyasi, “Audi” avtomobil yig‘ish zavodi va “Samsung”ning akkumulyator ishlab chiqarish korxonasiga energiya isteʼmolini kamaytirish majburiyatini yuklagan. Bundan tashqari, tig‘iz soatlarda yuk poyezdlari harakati to‘xtatib turiladi, davlat xizmatchilari masofaviy ish rejimiga o‘tkaziladi, binolarning meʼmoriy yoritgichlari va ko‘cha chiroqlarining bir qismi o‘chirib qo‘yiladi. Shu bilan birga, rasmiylar aholi uchun cheklovlar eng oxirgi navbatda joriy etilishiga ishontirgan.

Qo‘shni Ruminiyada ham murakkab vaziyat yuzaga kelmoqda. Mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarishning qariyb 20 foizini taʼminlaydigan “Chernavode” AES faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun harbiylar stansiyaning sovutish tizimiga qo‘shimcha suv yo‘naltirish maqsadida nazorat ostida portlashlarni amalga oshirdi. Mavjud ikki reaktordan biri allaqachon to‘xtatilgan va suv sathining yana-da pasayishi ikkinchi energoblokning ham to‘xtashiga olib kelishi mumkin.

Serbiyada ham qurg‘oqchilik oqibatlari jiddiy bo‘ldi. Mamlakatning ikkita eng yirik gidroelektr stansiyasi ishlab chiqarishni odatdagi darajadan 20–30 foizgacha qisqartirdi, bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining sezilarli darajada kamayishiga sabab bo‘ldi.

Taʼkidlanishicha, energetika sohasidagi qiyinchiliklar energetika infratuzilmasi muntazam hujumlarga uchrab turgan Ukrainaga Vengriya va Ruminiyadan elektr energiyasi eksporti davom etayotgani fonida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish sayyoramiz misli ko‘rilmagan jazirama davriga kirayotgani haqida ogohlantirgan edi. Jahon meteorologiya tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, yaqin oylarda El-Ninyo hodisasining kuchayishi yangi harorat rekordlariga, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va o‘rmon yong‘inlarining avj olishiga olib kelishi mumkin.

BMT rahbari hukumatlarni aholini himoya qilish, infratuzilmani haddan tashqari issiqqa moslashtirish chora-tadbirlarini tezlashtirishga va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash saʼy-harakatlarini faollashtirishga chaqirdi.

“BBC”surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish